Polsha “Nuclear sharing” dasturida ishtirok etish uchun ariza yozdi, deya bayonot berdi mamlakat televideniyesi orqali milliy mudofaa vaziri o‘rinbosari Pavel Zalevskiy.

Avvalroq Prezident Anjey Duda “Fakt” nashriga bergan intervyusida hukumat o‘z hududida Amerika yadro qurolini joylashtirishga tayyorligini bildirgan edi.

***

XXR Raisi Si Szinpin Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron va Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen ishtirokida kechadigan uch tomonlama uchrashuvda Xitoy – EI munosabatidagi strategik ahamiyat va barqarorlikni mustahkamlash imkoniyatidan foydalanishga tayyor, deb bayonot berdi brifingda XXR TIV rasmiy vakili Lin Szyan.

Avvalroq Yevrokomissiya rasmiy vakili Erik Mamer 6-may kuni Fon der Lyayen Parijga kelishini ma’lum qilgandi. Bu yerda u Makron va Si Szinpin o‘rtasidagi muzokaraga qo‘shiladi.

***

Prezident Jo Bayden Shimoliy Karolina shtatidagi Sharlotta shahrida yuz bergan otishma tufayli Kongressni o‘q otar qurol savdosi ustidan nazoratni kuchaytirishga chaqirdi.

Dushanba kuni Sharlotta shahrida otishma yuz berib, politsiyachilardan to‘rt nafar halok bo‘lgan, to‘rt kishi jarohat olgan.

***

– Mozambikda yomg‘ir mavsumi boshlangandan buyon jami 148 inson halok bo‘ldi, 206 kishi jarohat oldi, – deyilgan mamlakat Tabiiy ofat oqibatini yumshatish va boshqarish milliy instituti (INGD) tarqatgan xabarda. – Tabiiy ofatdan 241 327 odam jabr ko‘rdi.

Noqulay ob-havo 500 maktabga ziyon yetkazgan.

***

Afg‘onistonning Hirot viloyatida masjidga uyushtirilgan qurolli hujum natijasida kamida olti kishi qurbon bo‘ldi, deb xabar tarqatdi “Pajvak” agentligi. Mamlakat Ichki ishlar vazirligi vakili Abdulla Matin Qaniy ma’lumotiga ko‘ra, hujum Guzar tumanida yuz bergan.

***

Arab ligasi davlatlari (ALD) va Markaziy Osiyo mamlakatlari Ozarbayjon – Armaniston munosabatini yaxshilashga qaratilgan jarayonni qo‘llab-quvvatladi. Bu haqda “ALD – Markaziy Osiyo – Ozarbayjon” iqtisodiy hamkorlik forumi 3-majlisi yakuni bo‘yicha qabul qilingan Doha deklaratsiyasida qayd etilgan. Hujjatda tinchlik bitimini tezroq imzolash hamda to‘rtta qishloqni Ozarbayjonga qaytarish nazarda tutilgan chegara delimitatsiyasi bo‘yicha shartnoma muhim ahamiyat kasb etishi alohida ta’kidlangan.

***

Qozog‘iston Iqtisodiy tadqiqotlar instituti tarqatgan ma’lumotga qaraganda, 2023-yil mudofaa xarajati respublika byudjetining 5,1 foizini tashkil etgan. Harbiy sohaga ajratilgan mablag‘ 2022-yilga nisbatan 2,5 foiz, ya’ni 250 million dollar oshgan.

***

Keniyaning markaziy qismida to‘g‘on o‘pirilishi oqibatida 40 dan ziyod kishi halok bo‘ldi, deb yozdi TASS agentligi Nakuru okrugi gubernatori Syuzen Kixikaga tayanib.

– Bedaraklar ham bor, ularni qidirish davom etyapti, – deyilgan xabarda.

Hukumat ma’lum qilishicha, ofatni ikki oydan buyon davom etayotgan kuchli jala keltirib chiqargan.

***

– Eng achinarli joyi shundaki, hamon huquqiy jihatdan Prezident hisoblangan inson mamlakatimiz xoiniga aylangan. U to‘g‘ridan to‘g‘ri Gruziya milliy manfaatini sotmoqda…, – dedi Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze.

18-aprel kuni Prezident Salome Zurabishvili CNN telekanaliga intervyu berib, “Gruziya xalqi “ochiqchasiga rossiyaparast hukumat”ning hokimiyat tepasida qolishiga yo‘l qo‘ymaydi”, deya bayonot bergan edi.

***

“American Enterprise Institute” ma’lumotiga ko‘ra, Xitoyning haqiqiy harbiy xarajati 710,6 milliard dollar. Bu Pekin e’lon qilgan ko‘rsatkichdan uch barobar ko‘p.

S.Rahimov,

O‘zA