BAA hukumati O‘zbekiston bilan kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha ixtisoslashtirilgan dasturni tashkil qildi, deb xabar bermoqda “WAM” axborot agentligi. Dastur bir qancha yo‘nalishlar, jumladan, inson resurslari va inson kapitaliga sarmoya kiritish bo‘yicha ilg‘or tajribalarni o‘rganishdan iborat.

Maqolada O‘zbekiston delegatsiyasi hukumatni modernizatsiya qilish bo‘yicha BAA hukumati tajribasi va uning davlat kadrlari tizimini rivojlantirish, modernizatsiya qilish borasidagi ishlari bilan tanishgani yoritilgan.

Seminarda, shuningdek, Inson resurslari bo‘yicha federal organning strategiyasi, BAA hukumatidagi inson resurslari bilan bog‘liq eng muhim protseduralar va sohaga oid qonunlar ko‘rib chiqildi.

BAA hukumatining Inson resurslari bo‘yicha federal organi jamoasi mehmon delegatsiya a’zolari bilan O‘zbekiston Respublikasi hukumatida inson resurslarini boshqarish bo‘yicha “hrm.argos.uz” elektron platformasini takomillashtirish va rivojlantirish rejasini ishlab chiqishni muhokama qildi.

E’tiborlisi, 2019-yil aprel oyida BAA va O‘zbekiston o‘rtasida hukumatni modernizatsiya qilish bo‘yicha strategik sheriklik to‘g‘risidagi bitim imzolangan. Hamkorlikning 37 ta yo‘nalishi bo‘yicha ko‘plab yutuqlar qo‘lga kiritilib, istiqbolli loyihalar amalga oshirilgan.

Muharrama Pirmatova, O‘zA