Isroil uchuvchisiz samolyotlari hujumi natijasida Nuseyrat qochqinlar lagerida uch kishi, G‘azoda ikki kishi halok bo‘ldi. Dushanba kuni shaharda vafot etganlar soni o‘ttiz to‘rt nafarga yetgan.

Rafoh “xavfsiz hudud” maqomini to‘liq yo‘qotdi.

“Al-Jazeera”ning Rafohdagi muxbiri xabar berishicha, ushbu janubiy shahar qonli jang maydoniga aylanishi mumkin, chunki Isroil rejalangan quruqlik hujumi oldidan Rafohga zarbani kuchaytiradi.

AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Saudiya Arabistoniga tashrifi davomida Saudiya Arabistoni, Qatar, Misr Tashqi ishlar vazirlari bilan G‘azodagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muzokara olib bordi. U XAMASni Isroilning G‘azo sulhi bo‘yicha taklifiga rozi bo‘lishga chaqirgan. Mazkur kelishuv qirq kun o‘t ochishni to‘xtatishini nazarda tutadi. XAMAS yozma javob berishini ma’lum qilgan. Isroil armiyasi radiosi guruh kelishuvni yaqin kunlarda qabul qilmasa, Rafohdagi hujum muqarrar bo‘lishini aytgan.

Blinken dushanba kuni Isroil tashabbusini “sahovatli taklif” ekani va buni ikkinchi tomon tezroq qabul qilishi kerakligini aytdi. XAMAS rasmiysi Usama Hamdam, javoban, o‘n minglab tinch aholi, asosan, ayollar va bolalar vafot etayotgan urushni to‘xtatishda hech qanday saxiylik yo‘qligini bildirgan.

Xalqaro jinoyat sudi Isroil harbiylarining G‘azodagi xatti-harakati uchun mamlakat rahbarlarini hibsga olish uchun order berishi mumkin, deb xabar bergan “Associated Press”.

Benyamin Netanyahu Isroilni Yaqin Sharqdagi yagona demokratik va dunyodagi yagona yahudiy davlatligini aytib, mamlakat rasmiylarini qo‘lga olish haqidagi buyruq uni g‘azablantirgani va hech qachon bosh egmasligini aytgan. Shu bilan birga, Baydenga telefon qilib, order berilishiga yo‘l qo‘ymaslikni iltimos qilgan.

Sardorbek Poyonov, Yoqubjon Meliboyev, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.