Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirsida 2021 yil noyabr-dekabr oylarida 6 million 299 ming dona daraxt ko‘chatlarini ekish rejalashtirilgan edi.

Aksiya doirasida respublikaning shahar va tuman hududlarida 6 million 512 ming dona virgin archasi, yapon soforasi, katalpa, yasen, jiyda, tut, akatsiya va boshqa turdagi manzarali daraxt ko‘chatlari ekilib, belgilangan reja 103,4 foizga bajarildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi nazorat inspeksiyasi boshlig‘i o‘rinbosari Alisher Kairbayevning ta’kidlashicha, qo‘mita tomonidan “Yashil makon” umummilliy loyihasini sifatli amalga oshirish, daraxtlar ekish va ko‘kalamzorlashtirish ishlari nazoratga olingan bo‘lib, 2022 yil bahor mavsumida 7 million 701 ming dona daraxt ekilishi nazarda tutilgan. Shu tariqa kuzgi va bahorgi mavsumda umumiy ekilgan daraxtlar soni 14 million tubdan ortishi kutilmoqda.
Orolning qurigan tubida “yashil himoya” o‘rmonzorlarini barpo qilish ishlariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi O‘rmon xo‘jaligi qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Yerniyaz Akimniyazovning ta’kidlashicha, bugungi kunga kelib Orol dengizining qurib qolgan qismida 1 million 600 ming gektar maydonda saksovul va boshqa cho‘lga chidamli o‘simliklar urug‘ va ko‘chatlari ekilgan. Mutaxassislar o‘rganishlari davomida bir yil oldingi holatdan keyingi yilda ko‘proq saksovullar ko‘kargan holatini aniqladi. Buning sababi saksovul urug‘lari o‘z unuvchanligini ikki yil davomida saqlar ekan va hattoki ikkinchi yili ham yuqori darajada ko‘karuvchanlik qobiliyatini yo‘qotmas ekan.

Olimlar va tegishli mutaxassislar har yil urug‘ va ko‘chatdan ekilgan o‘simliklarning o‘sib rivojlanishini o‘rganib bormoqda. Monitoring tahlillariga ko‘ra, cho‘l o‘simliklari 50-55 foizgacha ko‘kargan.

Ye.Qanoatov, O‘zA