Xabarningiz bor, shu kunga qadar, Qurilish vazirligi tomonidan litsenziyalarni olish uchun tadbirkorlar uzoq hududlardan kelib, pul va vaqt sarflab, qog‘oz shaklida qator hujjatlar taqdim etib, litsenziyalarni olar edi. Endi bunga chek qo‘yildi.

Qurilish vazirligi matbuot xizmatining O‘zAga xabar berishicha, endi vazirlik tomonidan beriladigan barcha turdagi litsenziyalar elektronlashtirilgan bo‘lib, tadbirkorlarga masofadan turib litsenziya olish imkoniyati yaratilgan.
Endi tadbirkorlar xavfi yuqori bo‘lgan ob’ektlar hamda potensial xavfli ishlab chiqarishlarni loyihalashtirish, qurish va ulardan foydalanish faoliyatiga, balandliklarda sanoat alpinizmi usullarida ta’mirlash, qurilish-montaj ishlarini bajarish faoliyati, ko‘priklar va tonnellarni loyihalashtirish, qurish, ulardan foydalanish va ularni ta’mirlash faoliyatiga doir litsenziyaarni “license.gov.uz” axborot tizimi orqali olishlari mumkin.

license.gov.uz portaliga kirilgach, arxitektura-qurilish bo‘limidan qurilish-montaj bosqichi tanlanadi, shundan so‘ng so‘ralgan ma’lumotlar bosqichma-bosqich kiritib borilishi lozim. Ushbu ma’lumotlar to‘liq to‘ldirilgach, ariza ko‘rib chiqilishi uchun bazaviy hisoblash miqdorining 1 baravari miqdorida yig‘im undirilishi uchun invoys shakllantiriladi. Ushbu to‘lov amalga oshirilgach,  real vaqt rejimida sizning so‘rovnomangiz Qurilish vazirligiga yuboriladi.

Yangi tizimda arizalar ko‘rib chiqilganligi uchun yig‘imlar hamda litsenziya berish uchun davlat boji to‘lovini amalga oshirish uchun real vaqt rejimida avtomatik tarzda invoyslar shakllantiriladi, shuningdek, litsenziyalar QR-kod qo‘yilgan elektron shaklda rasmiylashtiriladi.

 

O‘zA