Bugun, 26-aprel kuni poytaxtimizda badiiy gimnastika bo‘yicha jahon kubogining to‘rtinchi bosqichi boshlanadi.

O‘zbekiston sport vazirligi, Milliy olimpiya qo‘mitasi, mamlakatimiz gimnastika federatsiyasi va boshqa bir qator tashkilotlar tomonidan tashkil etilayotgan mazkur musobaqada dunyoning 34 mamlakatidan 100 dan ortiq gimnastikachi qizlar ishtirok etadi.

Jahon kubogida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari yakkalik va guruh dasturida ishtirok etadi. Aniqrog‘i, yakkalik dasturida Taxmina Ikromova hamda Natalya Usova, guruh mashqida Shahzoda Ibragimova, Mumtozabonu Is’hoqzoda, Evelina Atalyans, Amaliya Mamedova va Iroda Sodiqova kabi gimnastikachilardan iborat jamoamiz bahslarga kiradi.

Jumladan bugun, 26-aprel kuni musobaqaning yakkalik bahslarida halqa va koptokda mashq bajarish bo‘yicha bahslar o‘tkaziladi. Ushbu bellashuvlarda Taxmina Ikromova hamda Natalya Usova «B» guruhidan o‘rin oldi.

Shuningdek, guruh bellashuvlarida jamoalar 5 ta halqada mashq bajarish bo‘yicha o‘zaro raqobatlashadi. Aniqrog‘i, «A» guruhida terma jamoamiz bilan birga Finlyandiya, Turkiya, Vengriya, Fransiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Gruziya, Xitoy va Germaniya terma jamoalari kuch sinashadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA