O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpog‘iston Respublikasidagi Xalq qabulxonasida “Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi – demokratik taraqqiyotimiz asosi” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.

Biznes ombudsman, Bosh vazirning Tadbirkorlar murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonasi, Adliya vazirligi, Davlat xizmatlari agentligi Qoraqalpog‘iston Respublikasi boshqarmasi, “Yuksalish” umummilliy harakati Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududiy bo‘limi, siyosiy partiyalar va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda ta’kidlanganidek, ayni kunlarda mamlakatimiz bo‘ylab, Yangi O‘zbekistonning 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasi va uni 2022 yilda amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”ni tasdiqlashga qaratilgan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti farmoni loyihasi jamoatchilik muhokamasidan o‘tkazilmoqda.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar, 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan taraqqiyot strategiyasining mazmun-mohiyati va ahamiyatiga to‘xtaldi. Yettita yo‘nalish va yuzga yaqin maqsadlarni jamlagan mazkur hujjat demokratik taraqqiyotimizning muhim asosi sifatida inson qadir-qimmatini ulug‘lash, erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish orqali xalqchil mamlakat barpo etish, odilona ijtimoiy siyosat yuritish va inson kapitalini rivojlantirish, qonun ustuvorligini mustahkamlashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Tadbir ishtirokchilari har bir yo‘nalish, shu jumladan, siyosiy partiyalarning faoliyatini takomillashtirish, deputatlarning faolligini oshirish, iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash kabi masalalarda fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA