Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining yigirma uchinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi. Videokonferensaloqa tarzida o‘tgan sessiyada O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi hukumati a’zolari, cyektor va soha rahbarlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Sessiya kun tartibidagi dastlabki masala, ya’ni “Normativ-huquqiy hujjatlar to‘g‘risida”gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining (yangi tahrirda) loyihasi haqida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurash masalalari bo‘yicha qo‘mita raisi Z.Reymova bayonot berdi. Sessiyada “Qoraqalpog‘iston Respublikasining ayrim qonunlariga o‘zgartirishlar va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida” gi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qonunining loyihasi haqidagi masala ko‘rib chiqildi. Bu masala bo‘yicha Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining deputati V.Qalenovaning bayonoti tinglandi.

Shuningdek, sessiyada “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili”da amalga oshirishga doir Davlat dasturi asosida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasi”ning Mo‘ynoq tumanidagi ijrosi, Huquqbuzarlikning oldini olish va ularning profilaktika holati to‘g‘risida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirining hisoboti haqidagi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Prezidiumining tegishli qarorlarini tasdiqlash to‘g‘risidagi masalalar ko‘rib chiqildi.

Kun tartibidagi masalalar yuzasidan deputatlar tegishli qarorlar qabul qildi.

 

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA