Prezidentimiz raisligida qishloq xo‘jaligi yerlarini ijaraga berish, meva-sabzavotchilik klasterlari hamda tomorqa xo‘jaliklari faoliyatini yanada rivojlantirish borasidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda.

Qayd etilganidek, paxta-to‘qimachilik va g‘alla klasterlari faoliyati bilan bog‘liq qabul qilingan qarorlar bilan ushbu yo‘nalishga doir barcha masalalar yechib berildi.

Natijada joriy yilda to‘qimachilik sanoati korxonalari eksportini 3 milliard dollardan, kelgusi besh yilda esa ushbu ko‘rsatkichni 7 milliard dollardan oshirish rejalashtirilgan.

Meva-sabzavotchilik eksportini bugungi kundagi 1,2 milliard dollardan kamida 5 milliard dollarga ko‘paytirish bo‘yicha barcha imkoniyatlar bor.

Bu borada Asaka, Angor, Denov, Jomboy, Samarqand, Oltiariq, Quva, Yuqori Chirchiq, Yangiqo‘rg‘on tumanlarida meva-sabzavotchilik klasterlari faoliyati yo‘lga qo‘yilib, ular 25-30 million dollardan mahsulot eksport qilmoqda.

Yig‘ilishda 25 ta tumanda eksport 1 million dollardan oshmagani, meva-sabzavotga ixtisoslashgan 8 ta tumanda klasterlar tashkil etilmagani tanqid qilindi.

Kelgusi yilda paxta va g‘alladan bo‘shagan 80 ming gektar yer aholiga bo‘lib beriladi. Bundan tashqari, 70 ming gektar yerlar “oborot”ga qaytariladi.

Meva-sabzavot klasterlari, dehqon xo‘jaliklari va tomorqani rivojlantirish, ularni moliyalashtirish, agroxizmatlar ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha mutlaqo yangi tizim joriy etiladi.

 

O‘zA