O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Millatlararo munosabatlar va xorijiy mamlakatlar bilan do‘stlik aloqalari qo‘mitasida yurtimizdagi muhim siyosiy tadbir — Prezident saylovida kuzatuvchi sifatida ishtirok etgan Rossiyaning O‘zbekiston bilan do‘stlik va hamkorlik jamiyati raisi Igor Krugovix bilan uchrashuv o‘tkazildi.
Tadbirda qo‘mita raisi Rustambek Qurbonov so‘nggi yillarda mamlakatimizda amalga oshirilgan millatlararo totuvlik va bag‘rikenglikni ta’minlash, do‘stlik muhitini va ko‘pmillatli oila tuyg‘usini mustahkamlashga doir keng ko‘lamli ishlar xususida ma’lumot berdi.
Jumladan, do‘stlik va ko‘p millatli yagona oila tuyg‘usi muhitini mustahkamlash, yoshlarni milliy va umuminsoniy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalash, fuqarolar totuvligi barqarorligini, turli millatlar vakillari o‘rtasidagi tinchlik va hamjihatlikni ta’minlash, milliy madaniy markazlar va do‘stlik jamiyatlari faoliyatini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash va yanada rivojlantirishga xizmat qilib kelayotganligi alohida ta’kidlandi. Shuningdek u O‘zbekiston bilan do‘stlik va hamkorlik jamiyati bilan amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar xususida o‘z fikrlarini bildirdi.
Qo‘mita raisi mehmonni kelgusi yil mamlakatimizda 30 iyul – “Xalqlar do‘stligi” kuni doirasida o‘tadigan tadbirlarda ishtirok etish uchun taklif qildi.
Igor Krugovix ham o‘z navbatida uchrashuv uchun minnatdorchiligini bildirib, ikki mamlakat o‘rtasida turli sohalar, jumladan, madaniyat yo‘nalishidagi hamkorlik aloqalari yanada rivojlanayotganini, bunda ikki mamlakat xalqlari o‘rtasidagi xalq diplomatiyasiga asoslangan aloqalar muhim ahamiyat kasb etishini aytib o‘tdi.
U kelgusida ikki tomonlama aloqalarni yanada rivojlantirishda hamkorlikda ishlash muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi. Shuningdek mehmon, kelgusi yili Rossiyada O‘zbekiston madaniyati yili bo‘lishini, uning doirasida hamkorlikda tadbirlar tashkil qilishni va unda qo‘mita vakillarini ishtirok etish uchun taklif qildi.
Suhbat davomida Igor Krugovix O‘zbekistonda joriy yilning 24 oktyabr kuni tashkil etilgan prezidentlik saylovi haqida ham to‘xtalib, saylov jarayonlari yuksak saviyada tashkil etilanligi, saylov tashkiliy jihatdan ham yuqori darajada o‘tganini, ovoz berish jarayoni xalqaro mezonlarga to‘liq javob berishini e’tirof etdi.
N.Usmonova, O‘zA