Saylov jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanish ochiqlik va oshkoralikni ta’minlaydi, shuningdek, saylovchilar uchun har tomonlama qulayliklar yaratib beradi.

Shu bois, bir qator davlatlar saylov jarayonida zamonaviy axborot texnologiyalaridan foydalanib kelmoqda.

Ayrim saylov uchastkalarida saylov jarayonini video-translyatsiya qilish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlarni belgilash to‘g‘risidagi masala Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi kun tartibidan o‘rin oldi.

– Ma’lumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va mahalliy Kengashlarga 2019 yili o‘tgan saylovlarda sinov tariqasida 60 ta saylov uchastkasida 120 ta kuzatuv videokamerasi o‘rnatilgan edi. Mazkur saylov uchastkalaridagi ovoz berish jarayoni Markaziy saylov komissiyasining rasmiy veb-saytida, Xalqaro matbuot markazida va “O‘zbekiston 24” telekanalida real vaqtda namoyish etilgani yaxshi samara bergandi. Joriy yilda ushbu yo‘nalishdagi ishlar yanada takomillashtirilishi va ko‘lami kengaytirilishi zarur. Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti Demokratik institutlar va inson huquqlari bo‘yicha byurosining O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi bo‘yicha missiyasi tomonidan joriy yilning 15 sentyabridan 5 oktyabrigacha bo‘lgan davrdagi kuzatuvlarining oraliq hisobotida bu borada amalga oshirilayotgan ishlarga ijobiy baho berildi. Hisobotda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan barcha saylov komissiyalarining geolakatsion ma’lumotlarini o‘z ichiga olgan interfaol mobil ilovaning ishlab chiqilgani, saylov komissiyalari a’zolarining kaskad usulida o‘qitilishi va saylov kuni “COVID-19″ning oldini olish bo‘yicha qabul qilingan choralar alohida qayd etildi, – dedi MSK raisi Zayniddin Nizomxo‘jayev.

Qayd etilganidek, ovoz berish kuni mamlakatimiz hududida joylashgan 207 ta saylov uchastkasida saylov jarayonlari onlayn video-translyatsiya qilinadi. Video-translyatsiya jarayoni Markaziy saylov komissiyasining matbuot markazidagi katta hajmdagi ekran orqali, shuningek, “saylov2021.uz” portali hamda O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasining “O‘zbekiston 24” va boshqa telekanallarida onlayn tarzda uzatib boriladi. Translyatsiya vaqti 24 oktyabr kuni soat 8.00 dan 20.00 gacha belgilangan.

bugungi kunda xorijiy tajriba va mavjud imkoniyatlardan kelib chiqib, joriy yilning 24 oktyabr kuni bo‘lib o‘tadigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida har bir tuman va shahardagi 1 tadan namunaviy saylov uchastkasida 2 tadan kamera va zaruriy qurilmalarni o‘rnatish bo‘yicha tegishli chora tadbirlar amalga oshirilmoqda. Raqamlar bilan aytadigan bo‘lsak, 207 ta tuman va shaharda jami 414 ta kuzatuv kamerasi o‘rnatilishi belgilangan.

bugungi kunda kuzatuv kameralarini o‘rnatish va onlayn efirga uzatish bo‘yicha barcha harajatlar “Xavfsiz shahar” jamoat tartibiga ko‘maklashish markazi mutaxassislari bilan birgalikda hisob kitob qilingan va tegishli shartnoma imzolangan.

 

Nurillo Nasriyev,

O‘zA