Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tmoqda.
Dastlab deputatlar “Iste’molchilarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda atroflicha ko‘rib chiqmoqda.
Qonun loyihasini maromiga yetkazishda iste’molchilar huquqlarini kafolatlash, sotuvchi (ishlab chiqaruvchi, ish va xizmat ko‘rsatuvchi) mas’uliyatini yanada oshirishga qaratilgan normalar bilan boyitildi.
Shuningdek, qonun loyihasida ishlab chiqaruvchi haqida, savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalari, tovar to‘g‘risidagi axborotni iste’molchilarga davlat tilida to‘liq yetkazish, tovarni ekspertizadan o‘tkazish holatlari o‘z aksini topmoqda. Bundan tashqari, loyihada vakolatli davlat organi va nodavlat jamoat birlashmalarining iste’molchilar huquqlarini himoya qilish sohasidagi vakolat va huquqlari mustahkamlab qo‘yilmoqda.
Loyiha tovarlarni (ishlarni, xizmatlarni) masofadan turib, axborot tizimlaridan foydalangan holda realizatsiya qilish chog‘ida iste’molchilarning huquqlari buzilishiga yo‘l qo‘ymaslik va ularning oldini olishga qaratilgan normalar bilan ham to‘ldirildi.
Qonun loyihasi uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Majlisda xalq vakillari “Gidrometeorologiya faoliyati to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o‘qishda atroflicha ko‘rib chiqdilar.
Qonun loyihasidagi gidrometeorologiya xizmatini yagona tashkiliy-texnik tizim sifatida faoliyat yuritishi uchun zarur sharoitlarni yaratishga qaratilgan huquqiy normalar gidrometeorologiya faoliyatini amalga oshirish tartibi, shu jumladan, gidrometeorologiya faoliyati ob’ektlari va sub’ektlari, ularning huquq va majburiyatlarini tartibga solishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Deputatlarning ta’kidlashicha, qonun loyihasining qabul qilinishi aholini gidrometeorologik ma’lumotlar bilan ta’minlash tizimini rivojlantirish, gidrometeorologiya sohasidagi mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.
Qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi.
Qonunchilik palatasining yalpi majlisida “Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.
Mazkur qonun loyihasi yurtimizdagi pochta aloqasi xizmatlari bozorining rivojlanish darajasi va jahon pochta aloqasi xizmatlari bozori rivojlanishining zamonaviy tendensiyalarini inobatga olgan holda ishlab chiqilgan.
“Pochta aloqasi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni ushbu sohadagi munosabatlarning barcha jabhalarini belgilab beruvchi bazaviy qonun hisoblanadi. Lekin bugungi kunga kelib, u pochta aloqasi sohasini huquqiy tartibga solish zamonaviy tendensiyalarga javob bera olmaydi.
Xususan, qonunchilik amaliyotiga muvofiq pochta aloqasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari belgilanmagan. Pochta aloqasi sohasini davlat tomonidan litsenziyalash orqali tartibga solinishi belgilab qo‘yilgan bo‘lsada, bugungi kungacha mazkur faoliyatni litsenziyalash tartibi joriy etilmagan.
Taklif etilayotgan qonun loyihasida esa amaldagi “Pochta aloqasi tug‘risida”gi qonunni pochta aloqasi to‘g‘risidagi qonunchilik hujjatlari va xalqaro shartnomalar me’yorlariga muvofiqlashtirish, pochta aloqasi sohasidagi davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlari va pochta aloqasi turlarini belgilash nazarda tutilmoqda.
Xalq vakillari qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qildilar.
N.Nasriyev, O‘zA