Markaziy saylov komissiyasi Birlashgan Millatlar Tashkilotining Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda “O‘zbekistonda 2019-2021 yillarda saylov jarayonini qo‘llab-quvvatlash” qo‘shma loyihasini amalga oshirmoqda.
Ushbu loyiha doirasida “Saylov va gender: siyosat sohasida xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha xalqaro va milliy amaliyot” mavzusidagi seminarlarga start berildi.
Mazkur loyiha yuzasidan 2021 yilda amalga oshiriladigan tadbirlar Prezident saylovi kampaniyasi davrida hamkorlik qilishga qaratilgan bo‘lib, saylov jarayonining shaffofligi va inklyuzivligini ta’minlash, ayollar, yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning saylovda faol ishtirokini qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlariga bag‘ishlanadi.
O‘quv -seminarlar Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligining hududiy bo‘linmalari, ayollarni qo‘llab-quvvatlash sohasidagi nodavlat notijorat tashkilotlari xotin-qizlarining saylov jarayonidagi ishtiroki borasidagi kasbiy bilim darajasini oshirishga qaratilgan bo‘lib, ayollarning saylovga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazishning barcha bosqichlarida ishtirok etish imkoniyatlarini yanada oshiradi.
Seminarda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi raisi Z.Nizomxo‘jayev, Shveysariyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi K.Obolenskiy, BMT Taraqqiyot dasturining O‘zbekistondagi doimiy vakili M.Dimovska, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G.Marufova ishtirok etdi.
– O‘zbekistonda Prezident sayloviga tayyorgarlik jamiyatni demokratlashtirish jarayonlari tobora kengayib, fuqarolarning ijtimoiy-siyosiy faolligi yuksalayotgan, siyosiy partiyalar va fuqarolik jamiyati institutlarining roli oshib borayotgan, shuningdek, mamlakatimizning saylov tizimini modernizatsiya qilish ishlari jadallashgan sharoitda amalga oshirilayotganini alohida ta’kidlamoqchiman. Buning uchun O‘zbekistonda barcha huquqiy asoslar va imkoniyatlar yaratilgan: umume’tirof etilgan asosiy xalqaro saylov standartlari va normalari implementatsiya qilingan milliy saylov qonunchiligi ham, saylovlarni o‘tkazish borasida ko‘p yillik milliy tajriba ham, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari ham bor, – dedi Zayniddin Nizomxo‘jayev.
So‘nggi yillarda O‘zbekistonda gender tenglik masalasi davlat siyosati darajasiga ko‘tarildi. bugungi kunga kelib sohaga oid 25 ta qonun hujjati qabul qilindi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati tarkibida Xotin-qizlar va gender tenglik masalalari qo‘mitasi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligi, Respublika xotin-qizlar jamoatchilik kengashi kabi yangi tuzilmalarning tashkil etilishi O‘zbekistonda ayollar huquqlari, gender tengligini ta’minlashning yagona yaxlit mexanizmiga aylandi.
O‘zbekiston tarixida ilk marotaba milliy parlamentda xotin-qizlar soni BMT tomonidan belgilangan tavsiyalarga mos darajaga yetdi. Mamlakatimiz parlamenti xotin-qizlar soni bo‘yicha dunyodagi 190 ta milliy parlament o‘rtasida 37-o‘ringa ko‘tarildi. bugungi kunda siyosiy partiyalarda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar ulushi 44 foizga, boshqaruv lavozimidagi xotin-qizlar ulushi 27 foizga yetdi.
Mamlakatimizda xotin-qizlarning huquqlari va gender tengligini ta’minlash borasida olib borilayotgan islohotlarning davomi sifatida joriy yilda bo‘lib o‘tgan Senatning 15 yalpi majlisida “O‘zbekistonda 2030 yilga qadar gender tenglikka erishish strategiyasi” qabul qilinganligi ta’kidlandi.
Shuni alohida qayd etish kerakki, saylov huquqlarini amalga oshirishda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni yaratish ustuvor yo‘nalishlardan biri. Strategiyada ko‘zda tutilgan bu boradagi tadbirlardan kelib chiqqan holda, Markaziy saylov komissiyasi tomonidan saylovning barcha bosqichlarida hotin-qizlar va erkaklarning teng asosda ishtirok etishini kuzatuvchi 11 ta indikatorlar ishlab chiqildi.
Ushbu indikatorlar bu yilgi saylov kampaniyasidan boshlab amaliyotga tabiq qilinmoqda. bugungi kunda indikatorlardan 7 tasi bo‘yicha to‘liq ma’lumotlar mavjud.
O‘quv- seminarlarga BMTTDning xalqaro ekspertlari jalb qilingan.
Nurillo Nasriyev, O‘zA