2021 yil 6-oktyabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov Vatikanning O‘zbekistondagi Apostol Nunsiyi (Elchisi) etib tayinlangan (qarorgohi Moskva shahrida) arxiyepiskop Jovanni D’Anelloni qabul qildi.
Elchining ishonch yorliqlarini qabul qilib olar ekan, Vazir uni mas’ul lavozimga tayinlangani bilan tabrikladi. O‘zbekiston va Vatikan o‘rtasida turli millatlar va dinlar vakillari o‘rtasidagi do‘stlik hamda o‘zaro aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan ijobiy hamkorlik tajribasi to‘plangani qayd etildi.
Tomonlarning turli darajadagi konfessiyalararo muloqotni yanada mustahkamlash va faollashtirishga o‘zaro tayyorligi bildirildi.
Vatikan Elchisiga O‘zbekistonda millatlararo totuvlik va diniy bag‘rikenglikni mustahkamlash, fuqarolarning diniy sohadagi huquq va erkinliklarini har tomonlama himoya qilish borasida olib borilayotgan ishlar haqida ma’lumot berildi.
Oqil G‘ULOMOV (surat), O‘zA