Prezident Shavkat Mirziyoyev Bo‘zatov tumaniga kelib, “Yoshlik” mahalla fuqarolar yig‘inida yashovchi Juginis Jumanazarov xonadonida mehmon bo‘ldi.
Juginis og‘a rafiqasi Salima opa bilan besh qizni tarbiyalab voyaga yetkazgan. Ular ta’lim, madaniyat, qishloq xo‘jaligi, iqtisodiyot sohalarida faoliyat yuritmoqda. Kenja qizi Ulzoda Jumanazorova karate bo‘yicha O‘zbekiston chempioni.
Davlatimiz rahbari oilaning turmush tarzi, ular timsolida butun bo‘zatovliklarning yashash sharoitlari bilan qiziqdi.
Oila tomorqadan unumli foydalanmoqda. Issiqxona tashkil etilgan, mevali daraxtlar va poliz mahsulotlari yetishtirilmoqda.
– Bo‘zatovda azaldan mirishkor odamlar yashaydi, – dedi Shavkat Mirziyoyev. – Yeri unumdor, sho‘ri yo‘q. Lekin uzoq yillar imkoniyatlar tahlil qilinmay, biroz e’tiborsiz qolgandi. Bo‘zatov xalqidan qarzimiz bor edi. Eng yaqin markaz – Kegeyli tumani markazigacha salkam 100 kilometr edi. Endi shu yerning o‘zida sharoit yaratib, davlat xizmatlarini yo‘lga qo‘yib, ish o‘rinlari tashkil etishga harakat qilayapmiz. Tadbirkorlarni ishontirib, subsidiya bersak, infratuzilmani yaxshilab, aholini ko‘chib kelishga jalb etsak, bu hudud katta imkoniyatlarga ega.
Bo‘zatov tumani davlatimiz rahbari tashabbusi bilan 2019 yilda qayta tashkil etilgan edi. Keyingi ikki yilda bu yerda ko‘p qavatli uylar, savdo majmualari, ming o‘rinli amfiteatr, sport maydoni, Yoshlar markazi qurildi, yo‘llar ta’mirlandi. To‘qimachilik korxonasi ish boshladi.
Xonadondan chiqishda bo‘zatovlik ekologlar, mahalliy aholi vakillari bilan muloqot bo‘ldi.
– Ichki imkoniyatlardan foydalanib, tinimsiz harakat qilmasak, natija bo‘lmaydi. Shuning uchun Bo‘zatov tumanini rivojlantirish bo‘yicha alohida qaror qabul qilish maqsadidamiz. Masalan, tumanda 11 ming gektar unumdor yer foydalanilmay turibdi. Endi bu joyni ilg‘or viloyatlardan biriga biriktirib, nasoslarini tiklab, yaxshi nasl va navlar olib kelib, yetishtirilgan mahsulotlarni sotib oladigan tizim tashkil etamiz, – dedi Prezident.
Bo‘zatovliklar hududdagi o‘zgarishlarni aytib, bu boradagi e’tibori uchun davlatimiz rahbariga minnatdorlik bildirdi.