Innovatsion rivojlanish vazirligi axborot xizmatining “Ekstrasistol kasalligida vaksina olinadimi?”, degan savoliga Sog‘liqni saqlash vazirligi Virusologiya ilmiy-tekshirish institutining kardiolog shifokori Zarina Sirojidinova quyidagicha javob berdi:

– Yurak aritmiyasining turli kasalliklari mavjud bo‘lib, shulardan biri ekstrasistoldir, – deydi Z.Sirojidinova. – Ekstrasistol holatda bemor yurakning  muddatidan oldin qisqarishi va uning notekis urayotgandek yoki urmay qolgandek bo‘lib tuyulishini his qiladi. Ba’zan bunday jarayon sog‘lom odamlarda ham uchrab turadi. Agar ekstrasistoliya siyrak (daqiqasiga 5 tadan kamroq) bo‘lsa va bemor uni sezmasa, unda maxsus muolaja talab etilmaydi. Ekstrasistoliya tezlashsa, daqiqasiga 6 va undan ham oshadigan bo‘lsa, bemor yuragi notekis urayotganini sezsa, boshi aylansa, unda darhol shifokorga murojaat qilish zarur. Bunday paytda fuqaroga vaksina olish tavsiya etilmaydi.

Avvalombor, bemorni sinchkovlik bilan tekshirish lozim. Jumladan, shifokor tomonidan EKG yoki EXO kardiogramma qilish ham tavsiya etilishi mumkin. Shifokor yurakda o‘rin olgan 4 ta klapanning qay birida o‘zgarish kechayotganiga aniqlik kiritish darkor. Davolanish choralari samarali kechib, inson o‘zini yaxshi xis qilganidan so‘ng shifokor ko‘rigi va maslahati bilan vaksina olsa bo‘ladi.

 

Mohigul Qosimova,

O‘zA