Joriy yilning 17-20 sentyabr kunlari Nukus shahrida II Xalqaro baxchishilik san’ati festivali o‘tkazilishi munosabati bilan tadbirga qizg‘in tayorgarlik ishlari olib borilmoqda.
Xalqaro festivalga qator davlatlardan baxshi va jirovlar hamda mehmonlar kelishi kutilmoqda. Shu jumladan, xalqaro tashkilotlar mutasaddilari, madaniy meros, ilm-fan, san’at va boshqa sohalar bo‘yicha ekspertlar qatnashadi.
Festival doirasida baxshichilik va dostonchilik san’atini rivojlantirish, baxshi-shoir, oqin va jirovlar ijodining sharq madaniyati va san’atidagi o‘rni va ahamiyatini yanada oshirishga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy konferensiya, xorijlik va O‘zbekiston baxshichilik san’ati ustalarining yakka konsertlari, baxshi-shoir, oqin va jirovlar, folklor jamoalarining xalqaro ko‘rik-tanlovi o‘tkaziladi.
Shuningdek, tadbir kunlari Nukusda sayillar, yurtimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodi haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dastur namoyishlari, baxshichilik san’ati tarixiga oid ko‘rgazma, o‘zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari namoyishi tashkil etiladi.
Festival ko‘rik-tanlov g‘oliblari va sovrindorlari ishtirokida tantanali taqdirlash marosimi va gala-konsert bilan yakunlanadi.
Ayni paytda Nukus shahrining I.Savitskiy nomidagi Qoraqalpoq davlat san’at muzeyi atrofidagi maydonlarda tayyorgarlik ishlari qizg‘in tusga kirgan. Viloyatlardan kelgan soha xodimlari o‘zlariga ajratilgan maydonlarda mahalliy hududga xos urf-odat va dasturlarni o‘zida jamlagan ko‘rgazmalarini tayyorlamoqda.
– Festivalga Surxondaryo viloyatidan 60 kishilik jamoa kelgan. Shulardan 10 nafari baxshilardir, – deydi guruh rahbari J.Jo‘rayev. – Mamlakat miqyosida o‘tkazilgan ko‘rik-tanlovda bir baxshimiz birinchi, ikki nafari uchinchi o‘rinni egalladi, bir necha nafari qator nominatsiyalar g‘olibi bo‘ldi. Festival uchun tayyorlagan maydonimizda viloyatimizga xos urf-odatlarni ko‘rsatishga harakat qilamiz. Jumladan, loysuvoq uylar, milodiy I-II asrlarga tegishli «Musiqachi ayollar» tosh haykali, do‘mbiralar savdosi, milliy kiyimlar va hunarmandchilik buyumlari ko‘rgazmalari ota-bobolarimizdan meros urf-odatlarni mehmonlarga namoyish eta oladi, degan umiddamiz.
A.Jiyemuratov,
Qoraqalpog‘iston axborot agentligi muxbiri.
O‘zA