Shimoli-g‘arbiy harbiy okrugning o‘quv yiliga belgilangan tayyorgarlik rejasiga asosan “Nukus” umumqo‘shin poligonida harbiy okrugning havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari bilan bir necha kunlik aviatsiyaning intensiv uchish hududida dala chiqishi amalga oshirildi.

Mashg‘ulotlar davomida bo‘linmalarning jipsligi, jangovar tayyorgarligi hamda har qanday vaziyatda yuklatilgan vazifalarni bajarish imkoniyati nazoratdan o‘tkazildi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati xabar berdi.

Harbiy qismdan kolonna bo‘lib texnikalarda harakat qilgan mutaxassislar poligon hududiga yetib keldi. Shundan keyin, qoidaga ko‘ra, saf ko‘rigi, mashg‘ulot rahbarlari va shaxsiy tarkibning tayyorgarligi okrug havo hujumidan mudofaa bo‘limi ofitserlari tomonidan ko‘rib chiqildi. Amaliy mashg‘ulotlarda texnika xavfsizligi qoidalariga qat’iy amal qilish bo‘yicha yo‘riqnoma yetkazildi.

Sarg‘ish libos kiygan poligon hududining bepoyon kengliklari uzra yerdagi zirhli va havodagi uchar texnikalar maketlarini eslatib turuvchi nishonlar 1-1,2 km uzoqlikda hujumga o‘tuvchi shartli dushman kuchiga qarshi zenitchilar bo‘linmasi tomonidan birin-ketin zarbalar berildi.

Berilgan topshiriqdan so‘ng zenit hisobi tomonidan qurilmalar o‘qlanib, jangga tayyor holatga keltirildi. Nishongacha bo‘lgan masofalar, shamol tezligi va boshqa faktorlar qurilma komandiri va nishonga oluvchi tomonidan inobatga olinib, qurilmaga kiritildi.

Qisqa va uzun navbatlar bilan otilgan zirhteshar, yondiruvchi va oskolka-fugasli snaryadlar nishonlarni talafotga uchrata boshladi.

Amaliy mashg‘ulotlar davomida bir nechta qurilma hisobi o‘quv-jangovar vazifani sifatli bajarishga erishdi. Muddatli harbiy xizmatni o‘tayotgan askarlar ham bu mashg‘ulotlarda faol qatnashib, soha bo‘yicha zarur ko‘nikmalarga ega ekanliklarini namoyish etdi.

Keyingi o‘quv joyida ko‘chma zenit raketa kompleksini ishga tushirish va nishonlarni yakson etish belgilangan. Mashg‘ulot dala trenajyorida real vaziyatga yaqinlashtirilgan tarzda olib borildi. Bunda zenitchilar havo nishonlarini aniqlash va yo‘q qilishni mashq qildi.

Dala chiqishi doirasida bo‘linmalar havo hujumidan mudofaa mutaxassislarining to‘siqli yo‘lagidan o‘tish bo‘yicha mashqlarni olib bordi.

Albatta, ushbu dala chiqishi havo hujumidan mudofaa bo‘linmalari o‘rtasida “Men g‘olib!” shiori ostida Mudofaa vazirligi miqyosida an’anaga aylangan “O‘z kasbining eng ilg‘or ustasi” tanlovining final bosqichiga tayyorgarlik vazifasini ham o‘taydi.

 

O‘zA