Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida Mehribonlik uylarida tarbiyalanayotgan bolalarning bilimi, tarbiyasi, fanlar bo‘yicha qiziqishini o‘stirishga, vatanparvarlik tuyg‘usi shakllanishiga, sog‘lom bo‘lib ulg‘ayishiga yetarli e’tibor qaratilmayotgani qayd etildi.

– bugungi kunda xalq ta’limi tizimiga qarashli Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalaridagi tarbiyachilarning 95 foizi ayollar bo‘lib, bolalar ularni “ona” deb chaqiradi. Lekin ota tarbiyasi-chi? Bu yerdagi farzandlarimizni oilaga imkon qadar yaqin muhitda tarbiyalashimiz uchun albatta ota-ona mehrini bera oladigan tizim yaratishimiz kerak, – dedi Prezident.

Tuman va shahar hokimlari hamda sektor rahbarlari bolalarni homiylik, vasiylik va oila patronatiga berish ishlariga umuman e’tiborsizligi ko‘rsatib o‘tildi. Shu bois, sohada mutlaqo yangi tizim joriy qilinishi ta’kidlandi.

Unga ko‘ra, 16 ta Mehribonlik uylari va 4 ta Bolalar shaharchalari Xalq ta’limi vazirligi tizimidan chiqarilib, Milliy gvardiyaga o‘tkaziladi. Buning uchun,  Milliy gvardiyada alohida qo‘mondon o‘rinbosari lavozimi joriy etilib,  boshqarma tashkil etiladi.

Prezident Milliy gvardiya qo‘mondoni R.Jo‘rayevga har bir Mehribonlik uyi va Bolalar shaharchalariga shaxsan o‘zi borib, ularga Milliy gvardiyaning hududiy boshqarma boshliqlari, har bir guruhga malakali ofitser va psixologlarini biriktirish, logoped va defektologlarni ishga olish bo‘yicha topshiriq berdi.

Bolalarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsadida ularni Milliy gvardiyaning harbiy qismlari, chavandozlar maktablariga olib chiqib, ko‘nikmalarini shakllantirish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Buning uchun biriktirilgan Milliy gvardiya xodimlari bolalar bilan ishlashga o‘qitiladi.

Shuningdek, Milliy gvardiya Mehribonlik uylaridagi bolalarga tarbiya berish, ularni fan, IT-texnologiyalari, xorijiy tillar, kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitish, sportning ommabop turlari bilan shug‘ullanishini tashkil etish bo‘yicha tegishli vazirliklar tizimini jalb qilib, mutlaqo yangi metodikalarni ishlab chiqadi.

Bu tizim orqali kelgusida ushbu o‘g‘il-qizlar orasidan “Temurbeklar maktablari” o‘quvchilari va Jamoat xavfsizligi universiteti tinglovchilari,  Vatanimizning chinakam posbonlari yetishib chiqishi ma’lum qilindi.

 

O‘zA