Eronning Sheroz shahrida 7-yanvar kuni bo‘lib o‘tgan norozilik namoyishlarini qo‘llab-quvvatlagani uchun mamlakatning sobiq prezidenti hibsga olindi, deyiladi “Al Quddus al-Arabiy” gazetasixabarida.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, hukumat Ahmadinajotning Busheridagi bayonoti sabab shunday qarorga kelgan. Ular “tartibsizliklarni keltirib chiqaruvchi qo‘zg‘olon” sifatida baholangan.
Ahmadinajot payshanba kuni shahar aholisiga qilgan murojaatida amaldagi Prezident Hasan Ruhoniy va uning hukumatini xalq manfaatlaridan yiroq qarorlar qabul qilishda, davlat boshqaruvidagi sustkashliklar hamda davlat mulkini o‘zlashtirishda ayblagan edi.
Manbada qayd etilishicha, siyosatchining hibsga olinishi Eron diniy rahnamosi Oyatullo Ali Xomaneiyning qarori bilan amalga oshirilgan.
Ma’lumot o‘rnida, Ahmadinajot 2005-2013-yillarda Eron Islom Respublikasini boshqargan.
2009-yilda Prezidentlik saylovlarida ikkinchi bor g‘alaba qozonishi esa mamlakat bo‘ylab ommaviy noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.
Eronda 2017-yilning 28-dekabridan buyon ommaviy norozilik namoyishlari bo‘lib o‘tmoqda. Namoyishchilar hukumatdan iqtisodiy vaziyatni yaxshilashni talab etmoqda.
Tehron namoyishlarni mamlakatning ichki muammolari ekanini, bu o‘rinda dunyodagi tinchlik va xavfsizlikka hech qanday tahdidlar yo‘qligini aytmoqda. Biroq AQSh, Buyuk Britaniya va Saudiya Arabistoni bunday fikrda emas.

 

O‘zA