Bugun, 23 iyul kuni O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda yirik siyosiy jarayon – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga start berildi.

Siyosiy partiyalar rahbarlari, fuqarolik jamiyati institutlari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etgan tadbirda Markaziy saylov komissiyasi tomonidan 2021 yil 24 oktyabr O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi kuni, deb belgilandi. Saylov kampaniyasi 23 iyuldan boshlanishi e’lon qilindi.

Prezident saylovi shu yil 8 fevralda O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 117-moddasiga kiritilgan o‘zgartishga muvofiq, oktyabr oyida bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston Respublikasi Markaziy saylov komissiyasi Raisi Zayniddin Nizamxo‘jayev Prezident saylovi yangilangan milliy saylov qonunchiligi, umume’tirof etilgan xalqaro standartlarga mos, demokratik tamoyillar asosida, ochiq va oshkora o‘tkazilishini alohida qayd etdi.

Bo‘lajak saylov 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan demokratik g‘oyalarning amaldagi yana bir yorqin ifodasi bo‘ladi.

2016 yil 4 dekabrdagi Prezident saylovidan buyon o‘tgan besh yil mobaynida xalq, mamlakat hayotida, jamiyatda, milliy saylov qonunchiligida ulkan o‘zgarishlar yuz berdi. Nufuzli xalqaro tashkilotlar hamda ekspertlar keng e’tirof etishganidek, bu davrda respublika hayotining ijtimoiy-siyosiy va iqtisodiy sohalarida xalq farovonligini yuksaltirishga yo‘naltirilgan dadil islohotlar amalga oshirildi. Ilk bor O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksi asosida o‘tadigan Prezident saylovida konstitutsiyaviy qoidalar va xalqaro saylov standartlariga binoan O‘zbekiston Respublikasining Prezidenti, ya’ni davlat rahbari davriylik prinsipi asosida saylanishi ta’minlanadi. Qolaversa, mamlakatimizda siyosiy partiyalar soni yana bittaga ko‘payib, partiyalararo raqobat sezilarli darajada kuchaydi.

Majlisda saylov kampaniyasi davrida barcha siyosiy partiyalar va ular ko‘rsatgan nomzodlar uchun sog‘lom raqobat muhiti va teng sharoit yaratilishi alohida ta’kidlandi. Bunda Prezident sayloviga tayyorgarlik ko‘rish va uni o‘tkazish bilan bog‘liq ishlar, jumladan, saylovchilarning ovoz berish jarayonini o‘z nomzodini ilgari surgan siyosiy partiyalar, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlari, xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar vakillari, jurnalistlar, jumladan, xorijlik jurnalistlar – minglab kuzatuvchilar kuzatib boradi.

Bo‘lajak saylovni siyosiy-huquqiy va tashkiliy jihatdan yuksak saviyada o‘tkazish maqsadida Markaziy saylov komissiyasi tomonidan shu yil 14 aprelda tasdiqlangan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha asosiy tadbirlar dasturiga binoan, hamkor tashkilotlar bilan birgalikda keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Unga ko‘ra, Prezident saylovining ahamiyati, o‘ziga xos jihatlari, Saylov kodeksi, saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish hamda qo‘shimchalarning mazmun-mohiyatini saylovchilarga va saylov tashkilotchilariga yetkazish muhim vazifa sifatida belgilangan. Aytish joizki, saylov kampaniyasi e’lon qilingunga qadar bo‘lgan davrda amalga oshirilgan bunday tadbirlar millionlab fuqarolarni qamrab oldi.

 

 M.Komilova, O‘zA