Koreyaning O‘zbekistondagi elchixonasida Koreya xalqaro hamkorlik agentligi (KOICA) va Global yashil o‘sish instituti (GGGI) o‘rtasida Orol dengizi inqiroziga qarshi kurashishga qaratilgan 5,6 million dollarlik qo‘shma loyiha imzolandi.

Loyihaning asosiy maqsadi – Orol dengizi ekologik inqirozining oqibatlarini bartaraf etish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasining yashil tiklanishiga yordam berish va tabiiy ofatlardan eng ko‘p zarar ko‘rgan hududlar barqarorligini ta’minlashga qaratilgan choralarni belgilashdan iborat.

Kelishuv KOICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Park Sunjin va GGGIning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Aaron Rassel o‘rtasida bo‘lib o‘tdi.

Unda Orol dengizi hududida amalga oshirilishi rejalashtirilgan mazkur loyiha doirasidagi o‘zaro hamkorlik masalalari va ushbu loyiha samaradorligini oshirish bo‘yicha kelgusidagi vazifa hamda chora-tadbirlar muhokama qilindi.

Imzolash marosimida Koreya Respublikasining O‘zbekistondagi elchixonasi maslahatchisi Yun Djivan, (KOICA)ning mamlakatimizdagi vakolatxonasi direktori o‘rinbosari Song Mingyong hamda Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Jusupbek Kazbekov ishtirok etdi.

2021-2024 yillarga mo‘ljallangan ushbu loyiha Qoraqalpog‘iston Respublikasining 4 ta tumani — Kegayli, Bo‘zatov, Chimboy va Qorao‘zak tumanlarida amalga oshiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2021 yil 30 may kuni bo‘lib o‘tgan P4G Seul sammitidagi nutqida O‘zbekistonning Global yashil o‘sish tadqiqot institutiga a’zoligi va BMTning maxsus rezolyutsiyasi orqali Orol dengizini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi deb e’lon qilgan edi. Bu esa Orol dengizi mintaqaviy loyihasi ahamiyati yanada oshishiga katta turtki bo‘ldi.

Ta’kidlash kerakki, ushbu loyiha ikki tashkilot o‘rtasidagi O‘zbekistonda amalga oshirilgan birinchi xalqaro hamkorlik hisoblanadi.

Loyiha doirasida mahalliy korxonalar va fermerlarning iqlimni tiklash faoliyatida moliyaviy imkoniyatlarini yaxshilash orqali yashil tiklanish investitsiya rejasini yaratish, Orol dengizi inqiroziga javob berish uchun kichik fermerlarning salohiyatini kuchaytirish, iqlim sharoitiga mos qishloq xo‘jaligi biznes modelini rivojlantirish va Orol dengizi mintaqasidagi kichik fermerlar va mahalliy korxonalarning tabiiy ofatlarga chidamliligini oshirish ko‘zda tutilgan.

Uchrashuv so‘ngida tomonlar Orol dengizi ekologik inqirozining oqibatlarini bartaraf etish bilan bog‘liq fikr-mulohaza va takliflarini bildirdi.

 

Behruz XUDOYBERDIEV,

O‘zA muxbiri