Yurtdoshlarimizni sifatli go‘sht va sut mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlash, bozorlarda ushbu mahsulotlar narx-navosini barqarorlashtirishda naslchilik va sun’iy urug‘lantirish ishlarini samarali tashkil etish muhim o‘rin tutadi.
bugungi kunda ayni shu maqsadda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlar “Chorvanasl” markazlari Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan moliyalashtiriladigan texnik-osemenator mutaxassislarni jalb etishga alohida e’tibor qaratmoqda.
2020 yilda sun’iy urug‘lantirish ishlariga 1500 nafar mutaxassis jalb qilindi. Samarqand veterinariya meditsinasi instituti huzuridagi kadrlar malakasini oshirish markazida ular uchun maxsus o‘quv kurslari tashkil etildi, sertifikatlar berildi. Bundan tashqari, veterinariya uchastkalaridagi malakali mutaxassislarga “ustoz-shogird” an’anasi asosida biriktirilib, amaliy tajribasi oshirildi.
Buning natijasida aholi xonadonlari va fermer xo‘jaliklaridagi 2 million 150 ming bosh sigirni sifatli sun’iy urug‘lantirishga erishildi. Sun’iy urug‘lantirish bilan shug‘ullanayotgan sub’ektlar uchun 2020 yil davomida 3 million 200 ming doza muzlatilgan naslli buqa urug‘i yetkazib berildi.
Urug‘larni saqlash murakkab jarayon hisoblanadi. Ular maxsus idish — dyuarlarda -196 haroratda saqlanishi kerak. Aks holda yaroqsiz holatga kelib qoladi. Ayni shu maqsadda respublikamizdagi kimyo sanoati korxonalari soha mutaxassislariga 675 tonna suyuq azot yetkazib berildi.
Qoramollar naslini yaxshilashda chetdan keltirilgan naslli mollar muhim omil sanaladi. Pandemiya sharoitiga qaramay 2020 yilda chet davlatlardan 40 ming boshdan ziyod naslli qoramol olib kelinib, parvarish qilinmoqda. Faoliyat ko‘rsatayotgan mahalliy naslchilik sub’ektlari tomonidan esa 12 ming 200 bosh naslli mol tayyorlanib, fermer xo‘jaliklariga yetkazib berildi.
bugungi kunda mamlakatimizda naslchilik sub’ektlarini ko‘paytirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 19 fevraldagi qaroriga muvofiq tasdiqlangan “Naslchilik xo‘jaliklari maqomini berish tartibi to‘g‘risidagi Nizom”ga asosan 335 ta sub’ektga naslchilik xo‘jaligi maqomi berildi.
Chorva sonini ko‘paytirish va naslchilikni rivojlantirishda davlat tomonidan subsidiyalar ajratilayotganini alohida ta’kidlash lozim. Shu o‘rinda haqli savol tug‘iladi: subsidiyalarning afzallik jihatlari asosan nimalarda namoyon bo‘ladi? Buning, albatta, amalda sinab ko‘rilgan bir qancha afzallik jihatlari mavjud. Birinchidan, chorvachilik tarmog‘i jadal rivojlanadi, nasldor qoramollar soni ko‘payadi va nasl o‘zgaradi.
Bundan tashqari, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi ortib, narx-navo barqarorlashadi. Chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash sanoati korxonalari hamda chorvachilik faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlar soni ko‘payadi. Natijada aholi mahalliy sharoitda ishlab chiqarilgan sifatli va arzon chorva mahsulotlari bilan uzluksiz ta’minlanadi.
Shuningdek, chorvachilik mahsulotlarini qayta ishlash sanoati korxonalari hamda chorvachilik bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlik sub’ektlari hamkorligi ta’minlanadi. Chorvachilik tarmoqlari va naslchilik sohasini rivojlantirish bilan bog‘liq masalalar muntazam muhokama va monitoring qilib boriladi. Chorvachilikning barcha tarmoqlari faoliyatini ilmiy asosda tashkil etish, ilmiy-tadqiqot natijalari va innovatsion ishlanmalarni mahsulot ishlab chiqarish va naslchilik-seleksiya ishlari amaliyotiga joriy etish ishlarini yo‘lga qo‘yish imkoniyati yaratiladi. Ayni shu maqsadda Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 12 maydagi “Chorvachilik tarmog‘iga davlat tomonidan subsidiya ajratishni tartibga soluvchi normativ-huquqiy hujjatlarni tasdiqlash to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq chetdan keltirilgan qoramollar uchun 37 milliard 800 million so‘m, qo‘y-echkilar uchun 3 milliard 520 million so‘m, mahalliy naslchilik xo‘jaliklari tomonidan tayyorlab sotilgan naslli mollar uchun 1 milliard 780 million so‘m subsidiya ajratildi.
Joriy yilda amaldagi ishlar ko‘lami yanada kengayadi. Aholi xonadonlari va fermer xo‘jaliklariga qarashli 2 million 400 ming bosh sigirni sun’iy urug‘lantirish rejalashtirilgan. Buning uchun 2021 yil davomida 3 million 600 ming doza muzlatilgan naslli buqa urug‘i yetkazib iladi. Chet davlatlardan 50 ming boshdan ziyod naslli mollar olib kelish rejalashtirilmoqda.
Naslli mollarni o‘zimizda yetishtirishga ham alohida e’tibor qaratyapmiz. Ayni paytda qoramolchilik sohasida 1000 dan ziyod naslchilik sub’ekti faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yil ular tomonidan 14 ming bosh naslli mol tayyorlanib, shaxsiy yordamchi dehqon fermer xo‘jaliklariga yetkazib berish rejalashtirilgan.
2021 yilda respublikamizdagi 400 ta chorvachilik tarmoqlarida faoliyat olib borayotgan sub’ektlarga naslchilik xo‘jaligi maqomi beriladi. Ayni paytda fermer xo‘jaliklaridagi qoramollar naslini yaxshilash uchun 1500 nafar texnik-osemenator joylarda sun’iy urug‘lantirish ishlarini olib bormoqda.
Bekzod Bahriddinov,
“O‘zbekchorvanasl” agentligi bosh mutaxassisi