Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligida videokonferensiya shaklida O‘zbekiston Respublikasida ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishga BAA Xalifa bin Bin Zoid Ol Naxayon nomidagi xayriya jamg‘armasining texnik ko‘magini jalb etish bo‘yicha Birlashgan Arab Amirliklari va O‘zbekiston Respublikasi o‘rtasida Hamkorlik to‘g‘risidagi hukumatlararo bitim imzolandi.
O‘zbekiston tomonidan bitimni investitsiyalar va tashqi savdo vazirining o‘rinbosari Sh.Vafoyev va BAA tomonidan moliya vazirining o‘rinbosari Yunis Hoji Al-Xuriy imzoladi.
Loyihaning umumiy qiymati 27 million dollarni tashkil etadi va moliyalashtirishi to‘liq Xalifa bin Bin Zoid Ol Naxayon jamg‘armasining grant mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
100 bemorga mo‘ljallangan dizayn va texnik jihozlari bo‘yicha hududda yagona bo‘lgan yangi shifoxona to‘g‘ruqoldi va tug‘ruq bo‘limlari, onalar va yangi tug‘ilgan chaqaloqlar uchun palatalar, jarrohlik, ambulatoriya va maslahat diagnostika bo‘limlari hamda laboratoriyalarga ega bo‘ladi.
Hozirgi vaqtda ob’ektda qurilish ishlari boshlangan. 2022 yil yakuniga qadar uning to‘liq qurib bitkazilishi kutilmoqda. Eng zamonaviy asbob-uskunalar bilan jihozlangan yangi tibbiyot maskani Orolbo‘yi mintaqasi aholisiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifatini sezilarli darajada yaxshilashga imkon beradi.
O‘zbekiston Respublikasi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, ijtimoiy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni kengaytirish maqsadida Birlashgan Arab Amirliklarining hukumat va xususiy tashkilotlari hamda investitsiya jamg‘armalari bilan ikki tomonlama hamkorlikni diversifikatsiya qilish va chuqurlashtirishni davom ettirmoqda.
O‘zA