Tinchlik va sog‘liq – inson hayoti uchun eng zarur ne’mat. Bu ikki yo‘nalish davlatimiz ijtimoiy siyosatining muhim negizidir.

Mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimida olib borilayotgan islohotlar, jumladan, sohaga ilg‘or va raqamli texnologiyalar hamda sifat menejmentini joriy etish, tibbiyot muassasalari imkoniyatlaridan to‘liq foydalanishga qaratilgan chora-tadbirlar bugun o‘z samarasini bermoqda.

2020 yil butun dunyo tibbiyot sohasi uchun sinovli bo‘lgan pandemiya davrida ham sohani taraqqiy ettirish, fuqarolar salomatligini asrab avaylash maqsadida 2 ta qonun, 22 ta Prezident farmon, farmoyish va qarorlari hamda 16 ta Vazirlar Mahkamasining qarorlari qabul qilindi. 2021 yilning o‘tgan besh oyi davomida esa 3 marta davlatimiz rahbari boshchiligida sog‘liqni saqlash sohasiga oid videoselektor yig‘ilishlari o‘tkazildi.

O‘tgan haftada tinchlik-xotirjamlik, shukronalik bayrami bo‘lgan Ramazon hayiti kunlarida Prezidentimiz Respublika ixtisoslashtirilgan gematologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markaziga borib, u yerda davolanayotgan bemor bolalar holidan xabar oldi. Davlatimiz rahbari bemor bolalar hamda ularning ota onalari bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda gematologiya va transfuziologiya xizmatlarini rivojlantirish, onkogematologik va davolash qiyin bo‘lgan kasalliklarga chalingan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2020-2024 yillarda gematologiya sohasini rivojlantirish uchun 546 milliard so‘mdan ziyod mablag‘ yo‘naltirilishi, ushbu mablag‘larning 91 milliard so‘mdan ziyodi shu yilning o‘zida ajratilishini ma’lum qildi.

Shuningdek, bemorlar uchun zamonaviy tibbiyot texnologiyalari asosida davolanish imkoniyatini yaratish uchun Toshkent tibbiyot akademiyasi klinikasining bo‘sh turgan hududida Respublika onkologiya markazining yangi binolarini barpo etish, u joyda bemorlarning ota onalari uchun ham shart-sharoit yaratish bo‘yicha topshiriq berdi.

Mazkur haftada tibbiyot sohasiga qaratilgan alohida e’tibor izchil davom ettirilib, 18 may kuni Prezident raisligida sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlar samaradorligini oshirish chora-tadbirlari muhokamasi yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi. Yig‘ilishda sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida sohaning bosqichma-bosqich takomillashtirib borilayotganligi, joriy yilda 21 trillion so‘m, ya’ni 2017 yilga nisbatan 3 baravar ko‘p mablag‘ ajratilganligi alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari aholining tibbiy xizmatga bo‘lgan ishonchini oshirish borasida sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan vazifalarni 5 ta yo‘nalishda ko‘rsatib o‘tdi. Jumladan, birlamchi tibbiyot bo‘g‘inini kasallikni erta aniqlaydigan va davolaydigan tizimga aylantirish, ixtisoslashgan markazlar tomonidan joylarda tor doiradagi tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqamlashtirish orqali sohada qog‘ozbozlik, byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish, tibbiyotning barcha yo‘nalishlarida raqobatni rivojlantirish va xususiy sektor ishtirokini kengaytirish hamda tibbiyot xodimlari bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish.

E’tiborli tomoni Prezidentimiz tomonidan bildirib o‘tilgan tashabbus va takliflar “Adolat” SDPning 2019 yilgi saylovoldi dasturida tibbiyot sohasini rivojlantirish maqsadida belgilab olingan vazifalar bilan hamohangdir. Partiya o‘z dasturida sog‘liqni saqlash sohasining xususiy sektorini barqaror rivojlanishning muhim omillaridan biri sifatida e’tirof etish bilan birga, sog‘liqni saqlashning davlat sektorini mustahkamlash, sohada yuqori malakali xorijiy mutaxassislar sonini oshirish va xorijiy investitsiyalarni kengaytirish, kadrlar malakasini oshirish va tayyorlashni samarali tizimini shakllantirish, tibbiy xizmatlar eksportini rivojlantirishga keng e’tibor qaratish, kelgusi besh yillikda sog‘liqni saqlash bo‘yicha davlat xarajatlarini umumiy davlat xarajatlariga nisbatan 15,4 foizdan 17 foizga oshirishni ishlarini ustuvor vazifa sifatida belgilab olgan.

Shuningdek, yig‘ilishda Prezidentimiz tomonidan surunkali kasalliklarni birlamchi bo‘g‘inda davolash, ayniqsa, yurak-qon tomir va oshqozon-ichak xastaliklari profilaktikasini kuchaytirish muhimligi ta’kidlanib, birlamchi bo‘g‘inda davolash zarur bo‘lgan kasalliklar bo‘yicha bepul tibbiy xizmatlar paketi joriy etilishi belgilab berildi.

Muhokamalar jarayonida mamlakatimizdagi 3 mingdan ortiq tibbiyot muassasalarini “Elektron poliklinika” tizimiga ulash uchun 28 milliard so‘m ajratilgan bo‘lishiga qaramasdan bugungi kungacha bor yo‘g‘i 423 ta birlamchi tibbiyot muassasasining “Elektron poliklinika” axborot tizimiga ulanganligi ham tanqid qilib o‘tildi. Bu kabi ishlarning o‘z vaqtida amalga oshirilmasligi esa aholiga ko‘plab noqulayliklar tug‘dirmoqda.

Endilikda bu borada boshlangan ishlar davom ettirilib, viloyat tibbiyot boshqarmalarida raqamlashtirish va davlat-xususiy sheriklikni rivojlantirish bo‘yicha o‘rinbosar lavozimi tashkil etiladi. Shuningdek, barcha tibbiyot muassasalarida elektron tizim bilan ishlaydigan 2 mingta operator-hamshira vazifasi joriy qilinadi.

Xulosa qilib aytganda, joriy yilda tibbiyot sohasi rivoji uchun belgilab olingan ustuvor vazifalarning hayotimizga tatbiq etilishi natijasida fuqarolarimizga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmat sifati yangi bosqichga ko‘tarilib, aholida islohotlar samarasini bugunning o‘zida hayotida his etish imkoniyati paydo bo‘ladi.

 

Zuhra IBRAGIMOVA,

Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikerining o‘rinbosari,

“Adolat” SDP fraksiyasi rahbari