Mustaqillik. Uning qadr-qimmatini Vatan hurligi va ozodligi yo‘lida jon fido etgan aziz ajdodlarimiz bizdan ko‘ra teranroq his etganlar, desak mubolag‘a bo‘lmaydi.

Prezidentimizning 2020 yil 17 dekabrdagi «O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining o‘ttiz yillik bayramiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida»gi qarori eng ulug‘ va eng aziz ayyomni munosib nishonlashga oid chora-tadbirlarni yuksak darajada yo‘lga qo‘yish imkonini bermoqda.

Madaniyat vazirligida shu mavzuga bag‘ishlab Zoom ish tartibida o‘tkazilgan yig‘ilishda ayni jihatlarga e’tibor qaratilmoqda. Unda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar hududiy boshqarmalari, vazirlik huzuridagi respublika tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

Yig‘ilishda mamlakatimiz mustaqilligining 30 yilligi arafasida xalqimizga bayram kayfiyatini ulashish maqsadida targ‘ibot tadbirlari tashkil etish bo‘yicha tashkiliy ishlar muhokama etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan bu yilgi istiqlol bayrami «Yangi O‘zbekistonda erkin va farovon yashaylik!» g‘oyasini o‘zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy, ma’naviy-ma’rifiy hamda targ‘ibot-tashviqot tadbirlari dasturidan iborat bo‘ladi. Yuqoridagi ezgu shiorni o‘zida aks ettirgan ko‘plab televizion, madaniy-ma’rifiy, badiiy-ijodiy loyihalar, musiqiy tanlovlar, festivallar yurtimizda boshlanib ketdi.

Ayniqsa, eng chekka va olis hududlarda, ovul va mahallalarda istiqomat qilayotgan aholining kayfiyatini ko‘tarish, bo‘sh vaqtini mazmunli o‘tkazish maqsadiga yo‘naltirilgan ma’naviy-ma’rifiy tadbirlar, ijodiy uchrashuvlar va konsert dasturlarini yuqori saviyada tashkil etish muhim ahamiyat kasb etadi. Yig‘ilishda ushbu masala bo‘yicha topshiriqlar berildi.

Shuningdek, har bir hududning targ‘ibot tadbirlariga tayyorgarlik jarayonlari o‘rganilmoqda.

Yig‘ilishda xalqimizning eng ulug‘ va eng aziz ayyomi – jonajon O‘zbekistonimiz mustaqilligining 30 yilligini ko‘tarinki kayfiyatda nishonlash bo‘yicha tegishli rejalar belgilandi.

 

N.Usmonova, O‘zA