2018-yil yanvar oyidan boshlab Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi rezidentlari “Rezident” imtiyozli tarifi ostida faoliyat ko‘rsatuvchi “qulay” bank xizmatidan foydalanishi mumkin.
U “Aloqabank” aksiyadorlik tijorat banki mutaxassislari bilan hamkorlikda ishlab chiqilgan bo‘lib, rezidentlarga qator yengillik va imtiyozlar taqdim etadi. Eng muhimi, endi ular bank operatsiyalari bilan bog‘liq ma’muriy sarsongarchilikdan butunlay ozod bo‘ladi.
Yangi bank xizmati 2018-yilning yurtimizda Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili, deb e’lon qilinishi munosabati bilan ishlab chiqildi. Rezidentlar xohishiga ko‘ra, Axborot texnologiyalarini ishlab chiqish va joriy qilishni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha “Mirzo Ulugbek Innovation Center” innovatsiya markazi ishonchli vakil sifatida valyuta hisobini ochishdan tortib, eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishga ko‘maklashishgacha bo‘lgan bank xizmatlaridan foydalanish bilan bog‘liq masalalarda ularning manfaatini himoya qiladi.
Shuningdek, markaz xodimlari “Aloqabank” ATB mutaxassislari bilan hamkorlikda axborot texnologiyalari sohasidagi startap-loyihalarni amalga oshirish uchun moliyalashtirish mexanizmlarini belgilash va investitsiyalarni jalb etish bo‘yicha konsultatsiyalar o‘tkazadi.
Bundan ko‘zlangan asosiy maqsad, rezidentlarni byurokratik to‘siqlarni mustaqil ravishda yengib o‘tish zaruriyatidan ozod etgan holda, ularning ishini yengillashtirish hamda axborot texnologiyalari kompaniyalarining faqat o‘z faoliyatiga ixtisoslashuviga zamin yaratishdan iborat. Shuningdek, bank sohasini atroflicha o‘rganish innovatsiya markazi vakillariga eksport-import operatsiyalarini amalga oshirishda rezidentlar duch keladigan qiyinchiliklarni aniqlash, ularga yechim topish va kelgusida qonunchilikni takomillashtirish bo‘yicha takliflar kiritishga xizmat qiladi.
Innovatsiya markazi rezidentlariga raqobatbardosh loyihalarini amalga oshirish uchun xorijiy investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashiladi. 2018-yil 24-25-yanvar kunlari Hindistonning Bangalor shahrida dasturiy ta’minot bo‘yicha bo‘lib o‘tadigan “INDIASOFT – 2018” ko‘rgazmasiga tashrif doirasida rezidentlarga yetakchi hind kompaniyalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish imkoniyatini taqdim qilish bu boradagi samarali tadbirlardan biri bo‘ladi.