O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasining birinchi raisi, tibbiyot fanlari doktori, professor Abdulla Matkarimovich Xudaybergenov hayot bo‘lganida 2021 yil 15 aprelda 85 yoshga kirgan bo‘lardi.

Abdulla Xudaybergenov To‘rtko‘l tumanida tug‘ilgan.

1959 yilda Toshkent davlat tibbiyot institutini imtiyozli diplom bilan bitirib, Mo‘ynoq tumani shifoxonasida shifokor-jarroh, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Respublika shifoxonasining jarrohlik bo‘limi mudiri, bosh shifokori, keyinchalik Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri va O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri lavozimlarida ishlagan. Ikki marta Oliy Majlis deputati bo‘lgan.

A.Xudaybergenov 1961 yildan 1-sonli Respublika shifoxonasining qon qo‘yish bo‘limi boshlig‘i, shifoxona xirurgiya bo‘limi boshlig‘i lavozimlarida ishladi. Uning rahbarligida bir guruh jarrohlar kamolga yetdi.

Natijada shu yillari barcha shahar va tuman markaziy shifoxonalarida yetuk mutaxassislar bilan ta’minlangan xirurgiya bo‘limlari tashkil etildi. Shifokor oliy toifali xirurg sifatida mazkur shifoxonada, shahar va tumanlardagi boshqa shifoxonalarda (shahar va tumanlarda) muntazam ravishda xirurgik operatsiyalarda qatnashib bordi.

Abdulla Xudaybergenov 1976 yili tibbiyot fanlari nomzodi ilmiy darajasini olish uchun dissertatsiyasini Moskva shahrida muvaffaqiyatli himoya qildi.

1968 yili o‘zi ishlab kelayotgan 1-sonli Respublika shifoxonasiga bosh shifokor etib tayinlandi. U 1-sonli Respublika shifoxonasiga rahbarlik qilgan yillari respublikada xalqqa ixtisoslashtirilgan xirurgik yordam berish va tibbiy xizmatni muntazam ravishda takomillashtirish, rivojlantirish masalalariga e’tibor qaratdi.

A.Xudaybergenov 1976 yildan 1981 yilgacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri lavozimida xalqiga halol mehnat qildi. U 1981 yili O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vaziri lavozimiga tavsiya etildi.

A.Xudaybergenov 1991 yili tibbiyot fanlari doktori bo‘ldi, shundan so‘ng sal o‘tmay unga professor ilmiy unvoni berildi.

Abdulla Matkarimovich zamon talabi bilan hamohang yuradigan, tashabbuskor olim va tashkilotchi edi. Abdulla akaning tashabbusi bilan 1992 yilda O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasi tashkil etildi va 25 yil mobaynida professor ushbu assotsiatsiyaga raislik qilib, uni mohirona boshqardi. Tinimsiz mehnat va tashkilotchilik mahoratini ishga solib, O‘zbekiston vrachlar assotsiatsiyasini nafaqat respublikamizning nodavlat,notijorat tashkilotlari, balki dunyoning va Yevropa davlatlarining tibbiyot assotsiatsiyalari orasida eng obro‘li va e’tiborli uyushmalardan biriga aylantirdi.

Abdulla Xudaybergenov bilan 26 yil – 1991-2017 yillari u kishi O‘zbekiston Vrachlar assotsiatsiyasi raisi, men shu Assotsiatsiyaning Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i bo‘lib birga ishladik.

Professor A.M.Xudaybergenovning mehnatlari hukumatimiz tomonidan yuqori baholanib, davlatimizning ordenlari bilan mukofotlangan. Abdulla Matkarimovich mohir tashkilotchi sifatida ish yuritib, ko‘pchilikka namuna bo‘lgan.

Abdulla akaning qizi Zamira, o‘g‘li Shuhrat otalarining izidan borib, O‘zbekiston tibbiyot tizimida faol mehnat qilmoqda.

bugungi kunda professor Xudaybergenov Abdulla Matkarimovich boshlagan ezgu ishlar uning safdoshlari va shogirdlari tomonidan izchil davom ettirilmoqda.

 

A.Mambetkarimov,

O‘zbekiston Vrachlar assotsiatsiyasi Qoraqalpog‘iston bo‘limi boshlig‘i.