Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinganligining 28 yilligiga bag‘ishlangan tantanali yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati a’zolari, Jo‘qorg‘i Kenges deputatlari, vazirliklar, tashkilot va korxonalar, ta’lim muassasalari, huquqni muhofaza qilish organlari rahbarlari, talaba-yoshlar, jamoat tashkilotlari hamda ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Dastlab O‘zbekiston va Qoraqalpog‘iston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyaviy nazorat qo‘mitasi raisi P.Aytniyazov Konstitutsiyaning inson huquq va erkinliklarini ta’minlash, xalq farovonligini oshirishdagi ahamiyati to‘g‘risida ma’ruza qildi.

Ta’kidlanganidek, Konstitutsiya har bir davlat va xalqning orzu-maqsadlari, ma’naviy, ijtimoiy ong va madaniyatini har tomonlama aks ettiruvchi qonundir. 1993 yil 9 aprel kuni qabul qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi yangi jamiyat qurish, yangidan-yangi imkoniyatlar yaratib beruvchi tarixiy hujjat sifatida e’zozlanib kelinmoqda. Uning qabul qilinishi bilan davlat va jamiyat qurilishining barcha jabhalaridagi munosabatlar, qonunchilikning barcha sohalarini tartibga soluvchi huquqiy tizim yaratildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi o‘zining qonun bilan mustahkamlangan davlat ramzlari – bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega. Inson manfaatlarini ta’minlash, xalq bilan muloqot qilish, istak va takliflarini e’tiborga olishda ularning murojaat qilish huquqi Konstitutsiyada kafolatlanganligi bilan ahamiyatlidir.

Tadbir san’at ustalarining “Iqbol, baxtim – Konstitutsiyam!”mavzusidagi bayram konsert dasturi bilan yakunlandi.

Tantanali tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA