Qoraqalpog‘iston tibbiyot instituti tashabbusi bilan 7 aprel – Butunjahon salomatlik kuni munosabati bilan Nukus dehqon bozorida «Salomatligingizga e’tibor qarating!» shiori ostida aksiya o‘tkazildi.
Tadbir doirasida institutning bitiruvchi kurs talabalari shahar aholisi va mehmonlarning qon bosimini bepul o‘lchadi va tavsiyalar berdi. Shuningdek, odamlar gavjum joylarda masofani saqlash va albatta niqob taqib yurish zarurligi, vaqti-vaqti bilan tibbiy ko‘rikdan o‘tib turishning ahamiyati to‘g‘risida targ‘ibot ishlarini olib bordi. Bunday aksiyalar aholining tibbiy madaniyatini oshirish va ularning salomatligiga yanada e’tiborli bo‘lishida muhim ahamiyat kasb etadi.
Talaba-yoshlar tomonidan aholiga salomatlik mavzusidagi bukletlar va bepul tibbiy niqoblar tarqatildi.
Dovud Abibullayev, O‘zA