“Bir million dasturchi” loyihasi doirasida bitiruvchilar salmog‘i yuqori ko‘rsatkichlarni ko‘rsatgan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qo‘ng‘irot tumanidagi 39-son umumta’lim maktabiga davlat rahbari sovg‘asi, ya’ni “Spark” avtomobili topshirildi.
Mazkur tadbirda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vaziri Sh.Sodiqov, Xalq ta’limi vaziri Sh.Shermatov hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari O.Davletov ishtirok etdi.
bugungi tezkor va globallashuv davri yuqori malakali dasturchi va mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, bu boradagi ishlarni yangi bosqichga ko‘tarishni taqozo qilmoqda. bugungi kun va kelajagimizni axborot-kommunikatsiya texnologiyalari hamda sohaning yetuk kadrlarisiz tasavvur qilib bo‘lmaydi.
O‘zbekiston aholisining qariyb 60 foizi yoshlardan iborat. Ularni zamonaviy axborot texnologiyalari, dasturiy mahsulot yaratish va autsorsing xizmatlarini ko‘rsatishga keng jalb qilish orqali ish bilan ta’minlash muhim vazifa hisoblanadi.
bugungi kunda mamlakatimizda barcha sohalarni modernizatsiya qilish va yangilash jarayonlari jadal sur’atlar bilan olib borilmoqda. Hududlarda Raqamli texnologiyalar o‘quv markazlari va IT-Park filiallari o‘z ishini boshlamoqda.
Shu bilan birga, IT sohasini yanada rivojlantirish borasida qator tanlovlar o‘tkazilmoqda va loyihalar amalga oshirilmoqda. Buning negizida iqtidorli yoshlarni rag‘batlantirish, qobiliyatli, ilmga chanqoq o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berish orqali yetuk kadrlarni yetishtirish kabi maqsadlar mujassam. “Bir million dasturchi” loyihasi ham ayni maqsadlarni o‘zida mujassam etgan.
Qayd etish lozim, “Bir million dasturchi” loyihasi davlatimiz rahbari tashabbusi bilan hayotga tatbiq etilgan. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Birlashgan Arab Amirliklarining “Dubai Future Foundation” fondi tomonidan Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Xalq ta’limi vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirib kelinmoqda. Ushbu loyiha doirasida uzbekcoders.uz o‘quv portalida mashg‘ulotlar olib borildi.
Joriy yil mart oyining yakuni holati bo‘yicha respublika miqyosida www.uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tib “Bir million dasturchi” loyihasi doirasida ta’lim olayotganlar soni jami 200 ming nafardan ortiqni tashkil etdi. Shu jumladan, ulardan 81 ming nafardan ortig‘i ishtirokchi va 50 ming nafardan ortig‘i bitiruvchi sertifikatini qo‘lga kiritdi.
Hududlar kesimida portaldan ro‘yxatdan o‘tganlar soni bo‘yicha Navoiy viloyati, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Toshkent shahri yetakchilik qilib kelmoqda.
Faoliyat turi bo‘yicha tahlil natijlariga ko‘ra umumta’lim maktab o‘quvchilari jami loyiha ishtirokchilari orasida 67,2 foiz bilan yetakchi hisoblanadi. Keyingi o‘rinlarda oliy ta’lim muassasalari talabalari, ish faoliyati bilan band bo‘lganlar, kollej va litsey o‘quvchilari va boshqalarni tashkil etadi.
Loyiha doirasida eng ko‘p umumta’lim maktab o‘quvchilari uzbekcoders.uz portali orqali ro‘yxatdan o‘tgan. Ishtirokchilar soni bo‘yicha Navoiy viloyatidagi maktablar yetakchilik qilmoqda. Keyingi o‘rinlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan viloyatidagi umumta’lim maktablari eng faol maktablar ro‘yxatidan joy olgan.
Yosh toifasi bo‘yicha ta’lim oluvchilarning asosiy qismi ya’ni 90 foizdan ortig‘i 13-34 yoshlar orasidagi o‘quvchilar hissasiga to‘g‘ri keladi. 2021 yildan boshlab xalqaro IT sertifikatlarini qo‘lga kiritgan yoshlarga xarajatlarining 50 foizigacha bo‘lgan qismini qoplab berish vazifalari belgilandi.
Alohida ta’kidlash kerakki, bugungi kunda hayotimiz har jihatdan texnika va texnologiyalar bilan bog‘liq. Hozirgi kunda barcha ta’lim dargohlarida iqtidorli yoshlar va o‘quvchilarga ilmiy izlanishlar olib borish, IT sohasini chuqur o‘zlashtirish va dasturlash asoslarini mukammal tarzda o‘rganib borishlari uchun sharoitlar yaratilgan.
Bu esa, kelajak avlodning axborot texnologiyalari sohasidagi savodxonligini yanada oshishi uchun xizmat qiladi.