Qoraqalpog‘iston Respublikasi harbiy-ma’muriy sektorining 2021 yildagi rejasiga asosan “Nukus” dala-o‘quv maydonida yangi majmuaviy inshootning qurilishiga tamal toshi qo‘yildi.

Bu haqda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug matbuot xizmati O‘zAga xabar berdi.

Majmuaning qurilishi boshlanishiga bag‘ishlangan tadbirda Shimoli-g‘arbiy harbiy okrug qo‘shinlari qo‘mondoni polkovnik Farhodjon Shermatov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi hamda Vazirlar Kengashi mas’ullari, harbiy xizmatchilar hamda quruvchi-pudratchi tashkilot vakillari ishtirok etdi.

2020 yilning dekabr oyida yangicha ko‘rinish kasb etib, kapital ta’mirdan chiqqan “Nukus” poligoni xalqaro standartlarga mos kelishi, unda barcha kuch tuzilmalari mavjud qurollardan o‘quv mashg‘ulotlarini amalda qo‘llay olishi bilan mamlakatdagi harbiy poligonlar reytingida o‘z o‘rni va nufuziga ega bo‘ldi.

Qurilishi rejalashtirilayotgan yangi majmua esa jahon standartlari asosida o‘tkaziladigan xalqaro musobaqa va hamkorlikdagi o‘quv mashg‘ulotlarning o‘tishini sifat jihatidan yaxshilashga xizmat qilishi bilan ahamiyatlidir.

Ta’kidlash joizki, bino 200 o‘rinli majlislar hamda brifing zallari, yo‘riqnomalar o‘tkazish sinfi, o‘q otishdan amaliy mashg‘ulotlarni bajarishga mo‘ljallangan kompyuterlashtirilgan elektron trenajyor xonasi, ofitserlar yotoqxonasi, vaqtincha matbuot markazi, garderob hamda sanitar tizimdan iborat bo‘ladi. Ushbu bino qurilishi “Story city” MCHJ tomonidan amalga oshiriladi.

Tadbir davomida qurilishi rejalashtirilayotgan ob’ekt Vatan himoyachilarining jangovar shayligi va tayyorgarligini har jihatdan yuksak darajaga qo‘tarishga xizmat qilishiga ishonch bildirildi.

 

O‘zA