Qoraqalpog‘iston Respublikasida birinchilardan bo‘lib Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida chigit ekish boshlandi.
Shu munosabat bilan Ellikqal’a tumanidagi “Xudaybergan Ernazarov” fermer ho‘jaligida tashkil etilgan ko‘rgazmali seminarda sektor rahbarlari, tuman hokimining o‘rinbosarlari, sohaga mas’ul tashkilotlar, paxta klasterlari korxonalari rahbarlari va mutaxassislar ishtirok etdi.
Tumanda joriy yil hosili uchun chigit ekish ishlarini uyushqoqlik bilan o‘tkazish maqsadida puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Bu ishlarni belgilangan muddatda sifatli olib borish uchun barcha sharoit yaratildi. Tumanda 10 ming 195 gektar yerga chigit qadab, mo‘l hosil olish maqsad qilingan. Buning uchun hozirgi kunda 32 ta otryad tashkil etildi.
Tadbirda mutasaddilarga chigit ekishini qisqa muddatda va sifatli yakunlash bo‘yicha tavsiyalar berildi. Buning uchun mavjud texnikalardan oqilona foydalanish zarurligi qayd etildi.
Nuroniy otaxonlar duosi bilan chigit ekish ishlari boshlab yuborildi. Mavsumiy ishlarga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminar To‘rtko‘l va Beruniy tumanlarida ham bo‘lib o‘tdi.
Seminarlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi M.Kamalov ishtirok etdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA