Ma’lumki, yurtimizda koronavirus bilan bog‘liq epidemiologik vaziyat barqarorlashgan davrda qator yo‘nalishlarda karantin cheklovlari yumshatilgan edi. Biroq ayni paytga kelib, kasallikka chalinganlar sonining oshishi hisobiga aholi gavjum bo‘ladigan tadbirlarni biroz cheklashni sharoit taqozo qilmoqda.
Qator soha mutaxassislari va yetakchi olimlarning takliflarini inobatga olib, Respublika maxsus komissiyasi so‘nggi kunlarda Toshkent shahri va Toshkent viloyatida koronavirus infeksiyasi bilan kasallanish holatlari ortganligi munosabati bilan mamlakatimizda keskin epidemiologik holat yuzaga kelishini oldini olish maqsadida quyidagi takliflarni ma’qulladi:
Joriy yilning 1 aprelidan boshlab O‘zbekiston Respublikasi hududida:
— to‘yxonalarda oilaviy tantana, to‘y, ma’raka va marosimlarni o‘tkazishda kasallik tarqalishini oldini olish maqsadida sanitariya-epidemiologik nazoratni kuchaytirish va tashrif buyuruvchilar sonini 100 kishidan ko‘p bo‘lmagan holda o‘tkazish;
— teatr, kino (kinoteatr) va konsert-tomosha dasturlarini tashkil etishda:
— tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarga tashrif buyuruvchi tomoshabinlar hamda xizmat ko‘rsatuvchi xodimlarning qat’iy niqobda (maskada) bo‘lishlarini ta’minlash;
— tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarning tomoshabin sig‘imini inobatga olgan holda tomoshabinlar sonini 50 foizdan oshirmaslik;
— tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarning tomoshabin o‘rindiqlaridan oraliq masofani saqlagan holda foydalanilishini ta’minlash;
— tomosha dasturlariga tashrif buyuruvchilarning tana harorati nazoratini o‘rnatish hamda tana harorati ko‘tarilgan shaxslarni dasturga qo‘ymaslik;
— tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarda savdo shoxobchalari faoliyatini to‘xtatish (niqob va antiseptik vositalar savdosi bundan mustasno);
— tomosha dasturlari bo‘yicha tarqatilayotgan (sotilayotgan) chiptalarga «Faqat sog‘lom bo‘lsangizgina tashrif buyuring» yozuvini yozish orqali aholini ogohlikka chaqirish va boshqa tomoshabinlarga kasallik yuqib qolishining oldini olish choralarini ko‘rish;
— tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarning kirish qismida tomoshabinlarning binoga tartibli kirishlarini ta’minlash maqsadida maxsus lentalar yordamida bir qatorlik kirish va chiqish yo‘laklarini o‘rnatish tartibi belgilandi.
Tomosha dasturlari o‘tkaziladigan saroylarda karantin qoidalariga rioya qilinishini ta’minlash bo‘yicha mas’uliyat tashkilotchilar zimmasiga yuklatiladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi aholidan ayrim xorijiy mamlakatlarda bugungi kunda kuzatilayotgan koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq keskin epidemiologik vaziyatni inobatga olgan holda, mamlakatimizda shu kabi holatlarni qaytarilmasligi hamda ijtimoiy va iqtisodiy sohalarning faoliyatini tizimli tashkil etish uchun shaxsiy mas’uliyatni oshirishni so‘rab qoladi.
Sog‘liqni saqlash vazirligi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.