Poytaxtimizdagi “Humo arena” majmuasida Navro‘z umumxalq bayrami munosabati bilan tantanali shodiyona bo‘lib o‘tmoqda.
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev o‘z tabrigida bu yilgi bayramning muhim jihati haqida to‘xtaldi:
– Azaldan yasharish va yangilanish, bahoriy uyg‘onish timsoli bo‘lgan Navro‘zi olam biz uchun yanada suyukli va ardoqli bo‘lib bormoqda.
– Bu yilgi Navro‘zning yana bir muhim jihati – u jonajon Vatanimiz mustaqilligining 30 yillik shonli bayrami arafasida nishonlanmoqda, – dedi Prezidentimiz. – Navro‘z – chinakam xalq bayrami, milliy o‘zligimiz ko‘zgusi, ma’naviy hayotimizning ajralmas qismidir.
Qarang, ming yillar oldin ota-bobolarimiz bu ulug‘ ayyomni qanday pok niyatlar bilan kutib olgan bo‘lsa, bugun ham xalqimiz shunday baland ruh bilan Navro‘zga peshvoz chiqmoqda. Yam-yashil dala va bog‘larda, maydon va xiyobonlarda, qishloq va ovullarda, barcha mahallalarda Navro‘z taronalari, Navro‘z navolari yangramoqda.
Qir-adirlarda mard o‘g‘lonlar ot choptirib, kurash tushmoqda. Keksayu yosh yurtdoshlarimiz sumalak to‘la qozonlar atrofida sayillar qilib, bahor ne’matlarini, bayram quvonchini o‘zaro baham ko‘rmoqda.
Mana shunday shukuhli damlarda barchamiz tinch va osoyishta hayot qadrini yanada chuqur his etmoqdamiz.
Shu fayzli kunlarda mirishkor dehqon va fermerlarimiz ezgu niyat bilan qadrdon dalasiga yo‘l olmoqda.
Kelinglar, bobodehqonlarimizni yangi mehnat mavsumi bilan qutlab, hosillarimiz mo‘l bo‘lsin, rizqu nasibamiz ziyoda bo‘lsin, deb duo qilaylik, dedi Shavkat Mirziyoyev.
O‘zA