Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tkazilgan brifingda Toshkent shahar bosh arxitektori Nuriddin Sagatov ma’lum qildi.

Ta’kidlanishicha, Toshkent shahrida yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida ko‘p kvartirali uy-joylar qurish holatlari ortib bormoqda. Ushbu holat muhandislik kommunikatsiya tizimiga salbiy ta’sir o‘tkazib, qurilgan ko‘p kvartirali ayrim uylarning quvvati yetmay, ayrimlarida esa turli xil avariya holatlari kelib chiqmoqda.

2020 yil o‘tkazilgan xatlovda 100 dan ortiq yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida uch va undan ortiq qavatli (ko‘p kvartirali) uy-joylar qurilgani aniqlangan. Oqibatda, shu uylar atrofidagi aholining noroziligi, kommunal sohadagi muammolar ortib bormoqda.

Yangi tahrirdagi Shaharsozlik kodeksida yakka tartibdagi uy-joy qurish uchun ajratilgan yer uchastkalarida ikki va undan ortiq bo‘lgan ko‘p kvartirali uylarni qurish taqiqlandi.

O‘zA