O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining farmoni bilan Abrorxo‘ja Akbarovich Turdaliyev O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki Raisining o‘rinbosari etib tayinlandi.

Uning zimmasiga kredit tashkilotlari prudensial nazorati, kredit tashkilotlarida moliyaviy monitoringni muvofiqlashtirish va valyuta nazorati, kredit tashkilotlarini inspeksiya qilish yo‘nalishlarini muvofiqlashtirib borish vazifasi yuklatildi.

A.Turdaliyev 1979 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2000 yili Toshkent moliya institutini, 2013 yili Bank-moliya akademiyasini tamomlagan.

Mehnat faoliyatini 2000 yilda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankida yetakchi iqtisodchilikdan boshlab, bosh iqtisodchi, bo‘lim boshlig‘i, boshqarma boshlig‘i, departament direktori o‘rinbosari kabi lavozimlarda faoliyat yuritgan. Lavozimga tayinlangunga qadar esa, u Markaziy bankning Kredit tashkilotlari prudensial nazorati departamenti direktori bo‘lib ishlab kelayotgandi.