O‘zbekiston va Koreya vazirliklari o‘rtasida hamkorlik dasturi tasdiqlandi

O‘zbekiston Adliya vazirligi delegatsiyasining Koreya Respublikasiga tashrifi davom etmoqda.
Koreya Respublikasining Sejong shahrida adliya vaziri o‘rinbosari Xudoyor Meliyev va Koreya Respublikasi Hukumat qonunchiligi vaziri o‘rinbosari Kim Chan-Beom o‘rtasida ikki tomonlama uchrashuv bo‘lib o‘tdi.
Unda Hukumat qonunchiligi vazirligi vakillari tomonidan Taraqqiyotga rasmiy ko‘mak (Official Development Assistance – ODA) hamda Osiyo qonunchilik institutlari kengashi (Council of Asian Legislative Institutions – CALI) loyihalari bo‘yicha batafsil ma’lumot berildi.

Xususan, ODA loyihasida Osiyo va O‘rta Sharqning 17 davlatida huquqiy axborotni raqamlashtirish, tarqatish va standartlashtirish, huquqiy axborot portallarini tashkil etish, treninglar o‘tkazish nazarda tutilgan.
Shuningdek, CALI loyihasini 2025-yilda ishga tushirish rejalashtirilgan bo‘lib, tashkilotning asosiy funksiyalari sifatida kelajakda yuzaga keladigan qonunchilik masalalarini birgalikda tadqiq qilish, qonunchilik jarayonlari boshqaruvini takomillashtirish, huquqiy axborotni raqamlashtirish hamda qonunchilik hujjatlarini zamonga moslashtirish belgilangan.
Taqdimotlar yakunida O‘zbekistonga ushbu loyihalarda Markaziy Osiyodagi muhim strategik hamkor sifatida qo‘shilish taklifi bildirildi.
Tomonlar ODA va CALI loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelgusida hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yishga kelishib oldi.
Uchrashuv yakunida ikki tashkilot tomonidan 2009-yilda imzolangan anglashuv memorandumida belgilangan yo‘nalishlarni amalga oshirish maqsadida chora-tadbirlar dasturi imzolandi.
Ushbu dasturda 2024-2025-yillarda qonunchilikni rejalashtirish tizimi, qonunchilik hujjatlarini tahlil qilish, yuridik ta’lim va boshqa masalalar bo‘yicha amaliy hamkorlik qilishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA