Ellikqal’a tumanidagi Motamsaro ona haykali har qachongidan gavjum. Bu yerda 9-may – Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Sektorlar rahbarlari, mudofaa va huquqni muhofaza qilish idoralari vakillari, korxona va tashkilotlar mutasaddilari, ta’lim muassasalari va yoshlar jamoalari harbiy orkestr sadolari ostida xiyobonda joylashgan Motamsaro ona haykali poyiga gulchambarlar qo‘ydi. Ikkinchi jahon urushida qurbon bo‘lgan minglab hamyurtlarimiz xotirasiga hurmat bajo keltirildi, o‘tganlar xotirasi yod etildi.

Tadbirda tuman hokimi V.Niyazimbetov barchani bayram bilan tabrikladi. Shuningdek, bugungi tinch va osuda kunlar uchun jon fido qilgan yurtdoshlarimiz faxrimiz ekanligini, “Xotira abadiy, qadr muqaddas” shiori ostida o‘tkazilayotgan ushbu bayram tadbirlari, Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan yangilanishlarning mazmun-mohiyati yuksak insoniylik tamoyillarini o‘zida mujassam etayotganligini ta’kidladi.

Tadbirda so‘zga chiqqanlar bugungi osmonimiz musaffo va tinchlik hukmron hayotimizga shukronalar aytdi. Insonga har kuni tinchlik-osoyishtalik va xotirjamlik kerak. Tinchligini yo‘qotgan xonadon ham, mamlakat ham aslo xotirjam bo‘la olmaydi. Tinchlik-xotirjamlik taraqqiyot garovidir.

Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlangan tadbirlar Orolbo‘yining barcha shahar va tumanlarida davom etmoqda.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri