O‘tgan hafta Toshkent xorijlik yirik ishbilarmonlar, tadbirkorlar, yirik tashkilot, korxonalar rahbarlari bilan gavjum bo‘ldi. 2-3-may kunlari poytaxtimizda butun dunyo e’tiboridagi muhim hodisa– uchinchi Toshkent xalqaro investitsiya forumi bo‘lib o‘tdi. Anjumanda ishtirok etish uchun yuzga yaqin mamlakatdan 2 500 dan ziyod delegat yurtimizga tashrif buyurdi. Tom ma’nodagi ulkan tadbir global muloqot qilish, investitsiya sohasida ilg‘or tajriba bilan o‘rtoqlashish maydoniga aylandi.

Dasturdagi eng muhim voqealaridan biri O‘zbekiston Respublikasi va Qirg‘iz Respublikasi Bosh vazirlari ishtirokida mintaqaviy energetika loyihalari (Qambarota GES-1 va Yovon GES qurish)ning xorijiy investorlarga taqdim etilishi bo‘ldi.

E’tiborli jihati, forumni butun dunyo OAV – 110 mamlakatdan hamkasblarimiz, jumladan dunyoning yetakchi nashrlari sifatida e’tirof etiladigan “CNN”, “Euronews”, “London Post”, va “Associated Press” yoritib bordi.

– Toshkent xalqaro investitsiya forumi haqida ko‘p eshitgandim, bu yil ishtirok etish menga ham nasib qildi, – deydi “London Post” nashri muxbiri Raza Said. – Anjuman davomida OAV vakillari uchun qulay sharoit yaratib berildi. Xabarlar – matn, video va suratlarni tezkorlik bilan nashrlarimizda yoritib bordik. Yurtingizga kelib, Toshkent jadal rivojlanayotganiga guvoh bo‘ldim. O‘ylaymanki, kelgusida mamlakatingiz Markaziy Osiyodagi yetakchi davlatga aylanadi. Buning uchun salohiyat yetarli.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, 2023-yil TXIFda 11 milliard dollarlik 167 hujjat imzolangan. Joriy yil esa jami qiymati 26,6 milliardga teng kelishuvlar imzolandi. Masalan, Saudiya Arabistoni “Data Volt” kompaniyasi bilan “Yangi Toshkent”da shahar infratuzilmasini barpo etish bo‘yicha 1 milliard dollarlik, yashil texnologiyaga asoslangan “ma’lumot markazi” yaratish uchun 3 milliard dollarlik loyihalar kelishib olindi. “Acwa Power” ko‘magida Qoraqalpog‘iston Respublikasida quvvati 5 GVt shamol elektr stansiyasi hamda 2 GVtlik elektr energiyasini saqlash qurilmasi qad ko‘taradi. Bu tashabbusni amalga oshirish uchun 6,2 milliard dollarlik yirik investitsiya loyihasi bo‘yicha hujjat imzolandi.

BAA “Amea Power” kompaniyasi bilan Qoraqalpog‘istonda 1000 MVt quvvatli shamol elektr stansiyasi qurish,  “Saudi Tabrid” yordamida Nukus, Farg‘ona va Quvasoy shaharlarida issiqlik tizimini modernizatsiya qilish, Misrning “Nil Shugar” kompaniyasi bilan Jizzax viloyatida qand lavlagi yetishtirish va shakar ishlab chiqarish,  Xitoyning “Shaynxay Knud Interneshnl” korporatsiyasi boshchiligida Namangan viloyatida to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish, Singapurning “Vilmar Interneshnl” kompaniyasi bilan esa Toshkent viloyatida oziq-ovqat mahsulotlari va chorva uchun ozuqa ishlab chiqarish maqsadlarini ko‘zlagan yirik loyihaviy hujjatlar qabul qilindi.

Bundan tashqari Misrning “Oraskom Investment”, Vengriyaning “Bonafarm Grup” AQSHning “Sayar”,  Xitoyning  “Goldvind”, “Sinoma”, Turkiyaning “Sam Yapi” Ozarbayjonning “Pasha Development”,  Avstriyaning  “Laselsberger”, Eronning  “Petrosat Chexelsoton” singari qator yirik kompaniyalar bilan qiymati jami 6,6 milliard dollarga teng yangi investitsiya loyihalarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

– O‘zbekiston yashil energetika sohasida erishayotgan muvaffaqiyat iqtisodiyotning barcha tarmoqlariga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda, – deydi “ACWA Power” bosh direktori Marko Archelli. – Muayyan davlatning yashil energetikani rivojlantirish bo‘yicha aniq tasavvurga egaligi, ochiq va konstruktiv muloqotga tayyorligi biz uchun doim muhim. Bu jarayonda har qanday qaror tez qabul qilinadi. Forum doirasida O‘zbekiston bilan hamkorlikda yirik investitsiya loyihalari yuzasidan kelishib oldik. Bu ikki mamlakat uchun ham manfaatli.

Tadbir iqtisodiyotning eng muhim jihatlari muhokama qilingan yig‘ilishlar, davra suhbatlariga boy bo‘ldi. Ayniqsa, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashda davlat, investor va tadbirkorlar roli asosiy mavzuga aylandi.

Korrupsiyaga qarshi kurash siyosati bo‘yicha yetakchi ekspertlar iqtisodiy jinoyatchilikka qarshi samarali kurashish sarmoyaviy muhitni yaxshilash uchun zarurligi, xavfsiz va shaffof ishbilarmonlik muhiti yaratish muhimligini ta’kidladi.

O‘zbekiston Respublikasi Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxonovning so‘zlariga ko‘ra, ushbu illatga nisbatan qat’iy munosabat kompleks yondashuvni, jumladan qonunchilikni mustahkamlash, davlat faoliyati shaffofligini ta’minlashni taqozo etadi.

Ayollar tadbirkorligiga bag‘ishlangan davra suhbatida tadbirkor ayollarning jamiyatga ta’siri jiddiyligi qayd etildi. Ma’ruzachilar daromad va ijtimoiy mas’uliyat o‘rtasida muvozanatga erishish uchun ilhomlantiruvchi misollar, strategiyalarni taqdim etdi.

Shuningdek, forum davomida raqamli texnologiyalarni investitsiya strategiyalariga integratsiya qilish muhimligiga ham e’tibor qaratildi.

– Raqamlashtirish kelajak emas, balki hozirgi zamon unsuri sifatida investitsiya jarayonini tezlashtiradi, shaffoflikni oshirishda asosiy rol o‘ynaydi, – deya ta’kidlaydi moliyaviy texnologiya ekspertlari.

Tadbirning yana bir muhim mavzusi IT sohasiga bag‘ishlandi. “IT-PARK Uzbekistan: yangi rivojlanish istiqboli” mavzusidagi pitch-sessiyada O‘zbekistonni 2030-yilgacha mintaqaviy axborot texnologiyalari markaziga aylantirish rejasi taqdim etildi. Bu taqdimot ko‘pchilikning e’tiborini tortdi.

O‘zbekiston raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov so‘nggi investitsiyalarning ahamiyati bilan tanishtirdi: Mamlakatimizda IT-kompaniyalar uchun qulay muhit yaratilgan, O‘zbekistonda idorani ochish va boshqarish bilan bog‘liq har qanday xavfni qoplash uchun “Nol risk” dasturi ishga tushirilmoqda.

“Integratsiyalashgan shaharsozlik: sifatli investitsiya, atrof-muhit va odamlar uchun qulaylik” mavzusidagi davra suhbatida yetakchi urbanistlar, me’morlar, ishbilarmon doira vakillari Toshkent shahrini rivojlantirishga yondashuvni muhokama qildilar. Xususan, BCG boshqaruvchi direktori Vladislav Butenko barqaror shahar rivojlanishiga erishish uchun innovatsion yechimni shaharsozlikka integratsiya qilish muhimligini, kompleks rejalashtirishda ham iqtisodiy, ham ijtimoiy jihatlarni hisobga olish, bu boradagi muvozanatni ta’minlash zarurligini ta’kidladi.

Tadbir turli vazirliklar, viloyatlar uchun investitsiya jalb etishda muhim ahamiyat kasb etdi. Imzolangan kelishuvlar sanoat, energetika, farmatsevtika, avtomobilsozlik kabi muhim tarmoqlarni qamrab olgan.

Raqamli texnologiyalar va Energetika vazirliklari hamda “Data Volt” axborot texnologiyalari kompaniyasi o‘rtasida “yashil” texnologiyaga asoslangan sana markazi qurish bo‘yicha kelishuv ham asosiy yutuqlardan biri bo‘ldi. Mutaxassislar bunday loyihalarning O‘zbekiston uchun muhimligiga urg‘u berdilar. Tegishli hujjatni imzolash marosimida investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov va “Data Volt” direktori Rajit Nanda ishtirok etdi.

Quvonarlisi, mamlakatimiz va xalqimiz uchun zarur yana bir yirik loyiha asosida yo‘l qurilishi bo‘yicha hamkorlik kelishuvi imzolandi. Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi va “Al Bawani Capital” kompaniyasi o‘rtasida Sirdaryo – Baxt halqa avtomobil yo‘lini qurish va Toshkent – Samarqand yo‘lini rekonstruksiya qilish bo‘yicha hujjat imzolandi. Mazkur kelishuv kelgusidagi investitsiya tashabbusi uchun asos bo‘lishi kutilyapti.

Xulosa shuki, forum mamlakatimiz, xalqimiz uchun foydali ulkan loyihalarga zamin yaratdi. O‘zbekiston xalqaro maydonda strategik hamkor sifatidagi muhim o‘rnini yana bir bor tasdiqlab, jahon sarmoyadorlari e’tiborini o‘ziga tortmoqda, mintaqa iqtisodiy o‘sishiga hissa qo‘shmoqda. Bu yilgi anjuman ham yakunlandi, biroq ilgari surilgan tashabbuslar, imzolangan kelishuvlar barqaror rivojlanish, investitsiya jalb etish yo‘lida faol ish olib borishni talab qiladi.

Go‘zal Sattorova,

O‘zA