Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin qayta saylangandan keyin birinchi tashrifini Xitoydan boshladi. Bu uning oxirgi bir yildan kamroq vaqt ichidagi ikkinchi tashrifidir.
Xitoy Xalq Respublikasi raisi hamkasbini 16 may kuni Pekinda qabul qildi. Ikki kunlik tashrifning birinchi kunida tomonlar Ukraina va G‘azodagi vaziyatga ham qisman to‘xtalgan.
– Biz Ukraina inqirozini hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlari uchun Xitoydan minnatdormiz. Har ikki tomon ham vaziyatni siyosiy yo‘l bilan hal qilish tarafdori, – degan Putin. XXR raisi ham yana bir bor o‘z pozitsiyasini aniqlashtirib, ushbu masala bo‘yicha aniq va izchil siyosatga ega ekanligi, BMT nizomining tamoyillariga rioya qilishi, Yevropada tinchlik va barqarorlikning tezroq tiklanishiga umid bildirgan.
Shuningdek, Si Szinpin BMT rezolyutsiyasida ko‘rilayotganidek Falastinning mustaqil davlat sifatida tan olinishini qo‘llab-quvvatlaydi. Dunyoning ikki urush nuqtasidagi vaziyat haqida atroflicha ma’lumot berilmagan. Rus va ayrim xalqaro nashrlarga ko‘ra, delegatsiyalarning asosiy muhokamasi savdo munosabatlariga qaratilgani ma’lum.
AQSH Xitoyning elektr transport vositalariga tariflarni 4 barobar oshirganidan keyin texnikalar Rossiyaga yo‘naltiriladigan bo‘ldi. O‘zi shundoq ham Xitoy avtomobil va ehtiyot qismlarining Rossiyaga eksporti keskin oshib borayotgan edi. Jumladan, ko‘rsatgich 2023 yilda 23 milliard dollarga yetgan. Bu 2022 yilga nisbatan 4 barobar ko‘p degani. Shunday qilib, xitoyliklar Rossiya tabiiy gazini ishlatsa, Ruslar Xitoy mashinalaridan foydalanadi.
G‘arb sanksiyalaridan keyin Pekin Moskvaning avtomobillar, kiyim-kechak, xom ashyo, va boshqa mahsulotlar yetkazib beruvchisiga aylandi. Xitoy va Rossiya o‘rtasidagi ikki tomonlama savdo 2021 yildan boshlab 64 foizga o‘sib, 2023 yilda 240 milliard dollarga yetgan. Shu yillarda Moskva Pekinga yanada qattiqroq bog‘lanib qoldi. 2023 yilda Xitoy Rossiyaning eng yaxshi savdo sherigiga aylangan bo‘lsa, Rossiya Xitoyning oltinchi yirik savdo hamkori sifatida qayd etildi.
Tashrifning ikkinchi kunida Putin 1990 yillarda Rus ko‘chmanchilari tomonidan qurilgan, “Kichik Moskva” deb atalmish Harbin shahriga bordi. Undan oldin ikki ittifoqchi sayr qilib, choy ichishgan.
Rossiya Pekin bilan aloqalarni kuchaytirishga harakat qilayotgan bir paytda Rus kuchlari Ukrainaning ikkinchi yirik shahri Xarkovga kirib kelishdi. Harbin shahrida Rossiya-Xitoy muzokaralari yakuni bo‘yicha brifingda Putin Xarkovni qo‘lga olish rejasi yo‘qligini aytgan. Agar unga ishonilsa, Rus askarlari shunchaki chegara ortidan berilayotgan zarbalarni qaytarishga harakat qilmoqda. Putinning hafta boshida “Sinxua” agentligiga bergan intervyusidan kelib chiqilsa, prezident Ukraina haqidagi muzokaralarga ochiqligi, shu bilan birga Rossiya manfaatlari ham hisobga olinishi kerakligini aytgan. Xarkov atrofidagi bir necha qishloqlar allaqachon egallangan.
Putinning Xitoydan asosiy maqsadlaridan biri to‘xtab qolgan “Sibir kuchi 2” loyihasini davom ettirish ekanligi aytilmoqda. Ushbu dastur Rossiya Xitoyga tabiiy gaz yetkazib berishni o‘z ichiga oladi. Rossiya rahbari oldin Yevropaga oqqan gazlarni endi Xitoyga yo‘naltirmoqchi. Shunday qilib, Vladimir Putin “Gazprom” Yevroda yo‘qotgan bozorlarni to‘ldirish uchun Xitoyga ko‘proq gaz sotish orqali urush iqtisodiyotini rivojlantirishga harakat qilmoqda.
Sanksiyalar bosimining kuchayishi fonida Xitoyning Rossiyaga eksporti mart oyida deyarli 16 foizga kamaydi, bu 2022 yil o‘rtalaridan beri birinchi pasayish.
Qo‘shma Shtatlarning sobiq prezidenti Donald Tramp ikki rahbarning uchrashuviga munosabat bildirdi.
– Men Vladimir Putinni ham, Si Szinpin ham yaxshi bilaman. Hozir ular buzg‘unchilik rejasi ustida ishlashyabdi, – degan Tramp.
Vladimir Putin ikki mamlakatning sherikchiligini maqtar ekan, oilasi bilan birgalikda Xitoy tilini o‘rganayotganini bildirdi. Shuningdek, prezident Xitoyga kelganida mamlakatning noyob va haqiqiy an’analarini kashf etishga harakat qilishini ma’lum qilgan.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan hafta Si Szinpin Yevropa bo‘ylab bir necha kunlik safarini amalga oshirgan edi.
Sardorbek Poyonov, Yoqubjon Meliboyev, Anvarxo‘ja Ahmedov (video), O‘zA.