Polsha poytaxti Varshava shahrida mukofot jamg‘armasi 175 ming dollardan iborat bo‘lgan Superbet Poland Rapid & Blitz xalqaro turnirida dunyoning 10 nafar eng kuchli grossmeysterlari qatorida hamyurtimiz Nodirbek Abdusattorov ham bosh sovrin uchun kurash olib bormoqda.
Mazkur nufuzli musobaqada jahon shaxmatining yetakchilari bo‘lgan Magnus Karlsen (Norvegiya), Vey I (Xitoy), Yan-Kshishtof Duda (Polsha), Nodirbek Abdusattorov (O‘zbekiston), Rameshbabu Pragnanandxaa (Hindiston), Anish Giri (Niderlandiya), Arjun Erigaysi (Hindiston), Dommaradju Gukesh (Hindiston), Vinsent Kaymer (Germaniya), Kirill Shevchenko (Ruminiya) ishtirok etmoqda.
Kecha xalqaro turnirning rapid yo‘nalishidagi dastlabki partiya o‘yinlari bo‘lib o‘tdi. Dunyo reytingida 5-o‘rinda borayotgan Nodirbek Abdusattorov turnirning ilk kunidagi 3 ta tur o‘yinlarini o‘tkazdi.
Dastlabki o‘yinda niderlandiyalik Anish Girini, 2-turda Dommaradju Gukeshni mag‘lub etgan Nodirbek 3-turda qora donalarda harakat qilib, hindistonlik Rameshbabu Pragnanandxaaga imkoniyatni boy berdi.
Turnir nizomiga binoan rapid yo‘nalishidagi bahslarda g‘alabaga 2, durangga 1 ochko taqdim etiladi. Blis bahslarida esa g‘alabaga 1, durangga 0,5 ochko beriladi. Turnir g‘olibi 40 ming dollarga ega bo‘ladi.
Ortda qolgan uch tur natijasiga ko‘ra, musobaqa jadvalida ruminiyalik Kirill Shevchenko 6 ochko bilan peshqadamlik qilmoqda. Magnus Karlsen va Nodirbek Abdusattorov 4 ochkoga ega bo‘lgan holda keyingi pog‘onalarda bormoqda.
Bugun, 9-may kuni xalqaro turnirning 4-turida Abdusattorov germaniyalik Vinsent Kaymer bilan ro‘baro‘ kelmoqda. Ushbu uchrashuvda iste’dodli shaxmatchimiz oq donalarda harakatlanadi. 4-turnirning yana bir markaziy bahslaridan biri Kirill Shevchenko – Magnus Karlsen qarama-qarshiligida kechadi.
Xalqaro turnir 12-mayga qadar davom etadi.
T.Ro‘ziyev, O‘zA