Mamlakatimiz bo‘ylab jadallik bilan amalga oshirilayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasidagi ishlar natijadorligi yashillikka erishish borasida ko‘zlagan maqsadlarimizga erishishda muhim. Shu bois ham O‘zbekiston Ekologik partiyasi vakillari loyiha doirasida o‘tqazilgan ko‘chat va butalarning holatini o‘rganib borishmoqda.

Oliy Majlis Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari hamda ekologiya qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Matmuratov hamda O‘zbekiston Ekologik partiyasi Toshkent shahar Kengashi vakillari ishtirokida ana shunday o‘rganishlar olib borildi.

O‘rganishlar davomida Sergeli tumani “Xontepa” mahalla fuqarolar yig‘ini yaqinida yarim gektar maydonda tashkil qilingan “Adiblar bog‘i” ko‘zdan kechirildi. Ushbu bog‘ agrotexnik talablarga mos kelmasligi, sug‘orish tizimi yo‘qligi hamda daraxtlar o‘z vaqtida ekilmagani bois ularning ko‘p qismi yashovchanligi past holatga kelgani aniqlandi. Mazkur holat yuzasidan tegishli mutasaddilarga zudlik bilan daraxtlarni asrab qolish choralarini ko‘rish yuzasidan tavsiyalar berildi.

Ta’kidlash joizki, yerga ko‘chat qadab, bog‘ yaratish kabi ota-bobolarimizdan meros ezgu amallarni xo‘jako‘rsinga emas, chin ko‘ngildan amalga oshirish o‘z sog‘ligimizga foyda. Qolaversa, kelajak avlodlarga musaffo tabiatni asrab-avaylab yetkazishga xizmat qiladi.

M.Komilova, O‘zA