“Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyati Qoraqalpog‘iston hududiy filialida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 16-aprel kungi “Yoqilg‘i-energetika sohasida bozor mexanizmlarini joriy etishning qo‘shimcha chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori va O‘zbekiston Respublikasining “Korrupsiyaga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi qonuni ijrosini ta’minlashga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi huzuridagi iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamentning Qoraqalpog‘iston Respublikasi bo‘yicha boshqarmasi boshlig‘i A.Yuldashev va boshqalar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining mazkur qaroriga asosan 2024-2025-yillarda yoqilg‘i-energetika resurslari narxlarining bosqichma-bosqich o‘zgarish jadvali va 2024-yil 1-maydan boshlab aholi uchun elektr energiyasi va tabiiy gazning bir oylik iste’molining “bazaviy me’yorlari” tasdiqlanganligini qayd etdi.

Shuning uchun filial, shahar va tuman elektr ta’minoti xodimlari qaror asosida ish olib borishlari, ushbu tariflarga asosan elektr energiyasidan noqonuniy foydalanish holatlarini aniqlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarni kuchaytirishi lozim. Buning uchun birinchi navbatda korrupsiyaga oid huquqbuzarlikni o‘z vaqtida aniqlash, ularga imkon beruvchi sabablar va shart-sharoitni bartaraf etish, korrupsiyaga oid huquqbuzarlikni sodir etganlik uchun javobgarlikning muqarrarligi tamoyilini ta’minlash kerakligi alohida ta’kidlandi.

Tadbir ishtirokchilari qaror ijrosi yuzasidan o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri.