Mamlakatimizda biznesni rivojlantirishga keng imkoniyatlar yaratish, yetakchi xorijiy mamlakatlar bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish hamda yurtimizning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Xalqaro ishlar va parlamentlararo aloqalar qo‘mitasining kengaytirilgan yig‘ilishida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining “Yevropa davlatlariga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar va imzolangan “yo‘l xaritalari”ning ijro etilishi holati to‘g‘risida”gi axboroti eshitildi.

Yig‘ilishda Prezidentimizning 2022-2024-yillar davomida Yevropa davlatlariga, xususan, Vengriya, Fransiya, Germaniya va Italiyaga tashriflari doirasida erishilgan kelishuvlar, ularning ijrosini ta’minlash bo‘yicha qabul qilingan “yo‘l xaritalari”ning ijro etilishiga alohida e’tibor qaratildi.

Axborotda keltirilganidek, Germaniya Federativ Respublikasi bilan 26,1 mlrd. yevrolik kelishuvlar doirasida 160 ta bitim tasdiqlangan. Vengriya Respublikasi bilan 671,8 mln. yevrolik kelishuvlar doirasida 21 ta, Fransiya Respublikasi bilan esa 5,8 mlrd.yevrolik kelishuvlarga erishilgan va uning doirasida 39 ta bitim tasdiqlangan. Italiya bilan 7 mlrd. yevrolik kelishuvlarga erishilib, uning doirasida 47 ta bitim tasdiqlangan.

Bugungi kunda vazirlik tomonidan to‘rtda davlat bilan erishilgan kelishuv va imzolangan bitimlarning o‘z vaqtida ijro etilishini ta’minlash, ularni muntazam ravishda monitoring qilib borish bo‘yicha tegishli choralar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, ushbu strategik davlatlar bilan hamkorlikda savdo-iqtisodiy va investsiyaviy sohadagi loyihalarni birgalikda amalga oshirish bo‘yicha mutasaddilar tomonidan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

Yig‘ilishda «Yo‘l xaritalari»dagi vazifalarning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishida ayrim sabablarga ko‘ra kechikish yoki ijrosi ta’minlanmaganlik holatlari bilan bog‘liq kamchiliklar kuzatilayotgani aytildi. Sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish yuzasidan zarur taklif va tavsiyalar berildi.

M.Komilova, O‘zA