Ijtimoiy himoya milliy agentligining ishchi delegatsiyasi aholining ijtimoiy muhofazasi masalalarida tajriba almashish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasida tashrif bilan bo‘lib turibdi.

Tashrif davomida delegatsiya vakillari turli xildagi nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun keng qamrovli xizmatlar ko‘rsatuvchi Pekin nogironlar ko‘rgazma markazi faoliyati bilan tanishdi.

Markaz 2022-yil mart oyida Pekin Nogironlar federatsiyasi huzurida tashkil etilgan bo‘lib, barcha uchun inklyuzivlik va teng imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan.

Markaz kompyuter savodxonligi kurslari, til kurslari va ijodiy mahorat darslarini o‘z ichiga olgan ta’lim dasturlari bilan shug‘ullanadi.

Shuningdek, kasbiy reabilitatsiyani qo‘llab-quvvatlash uchun amaliyot dasturlari va maslahat xizmatlarini taqdim etadi hamda ijtimoiy integratsiyani targ‘ib qiluvchi sport va madaniy tadbirlarni o‘tkazadi. Seminarlar va g‘amxo‘rlik guruhlari oilalarni axborot bilan ta’minlashga xizmat qiladi.

Tashrif natijasida delegatsiya vakillari tomonidan mazkur markazning O‘zbekistonda qo‘llanilishi mumkin bo‘lgan ilg‘or tajribalari va integratsiya dasturlari muhimligi qayd etildi. Turli tashkilotlar bilan faol hamkorlik markazga samarali ijtimoiy dasturlarni ishlab chiqish va nogironligi bo‘lgan shaxslarni to‘liq qo‘llab-quvvatlash imkonini beradi.

O‘zA