Totalitar davrning demokrat rahbari

Irismat Abduxoliqov 
Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat. 
 
“Paxta va qor epopeyasi”, 
“Rejada bo‘lmagan obyektlar yoxud xalq merosi”, 
“Brejnev mojarosi”, 
“O‘rtoq Andropov kelganlaridan keyin”, 
“Sharof Rashidovning raqibi”, 
“Shirin yolg‘on va achchiq haqiqat” 
O‘zA saytini kuzatib boring! 

Totalitar davlatda ham demokratik rahbar bo‘lishi mumkinmi? Jiddiy ilmiy tadqiqot uchun mavzu bo‘ladigan bu savolga javob topishni istasangiz Irismat Abduxoliqovning O‘zA saytida berilayotgan “Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat” asarining bugungi lavhasida o‘qing.

Fikr va mulohazalaringizni uzauz@yandex.ru elekiron pochtamizga yuborishingiz yoki (0371) 233-06-14 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib bildirishingiz mumkin.

Totalitar davrning demokrat rahbari

Davlatni boshqarishda O‘zbekiston Respublikasining rahbari Sharof Rashidovning o‘z yo‘li, o‘z uslubi bor edi. Bu uslub shu paytda ko‘klarga ko‘tarib maqtaladigan dohiylar: Lenindan ham, Stalindan ham, Xrushchevdan ham, Andropov ish uslubidan ham farq qilardi. Shunday deyapmanu yana Sharof Rashidov nima, azali-avvaldan komil inson, ibratli rahbar bo‘lib dunyoga kelganmi, deb o‘zimga o‘zim savol beraman. Yo‘q, ilgari u tuman, keyin viloyat gazetalarining oddiy muxbiri, jurnalist bo‘lib ishlagan. Keyin publitsist, yozuvchi sifatida tanilgan. O‘zbekistonning birinchi rahbari, tor doiradagi qudratli Sovet Ittifoqi oliy rahbariyatining a’zosi va tarixda qolgan yirik davlat va jamoat arbobi bo‘lishdan avval Samarqanddagi «Zarafshon» viloyat gazetasida oddiy xodim, so‘ngra bo‘lim boshlig‘i, bosh muharrir, keyin O‘zbekiston Kompartiyasi Markaziy qo‘mitasining organi bo‘lgan «Qizil O‘zbekiston» gazetasining bosh muharriri, so‘ngra O‘zbekiston SSR Oliy Soveti Prezidiumining raisi bo‘lgan. Lekin shu yerda bir narsani alohida ta’kidlab o‘tish joiz-ki, Sharof akada inson sifatida Muhammad Payg‘ambarimizning yumshoqligi, pokligi, odamoxunligi bilan Sohibqiron Amir Temurning el-ulusni boshqarishdagi tajribasi, donishmandligi, qat’iyati bor edi. Bu hislatu hususiyatlar u kishiga qayerdan kelgan?

Gap shundaki, «Temur tuzuklari»dagi saltanat ishlarining to‘qqiz qismini mashvarat, tadbir va kengash bilan bajo keltirish zarur degan va bugungi kunda davlat ishlarini yuritishda keng qo‘llanilayotgan rahbarlik usulini biz o‘sha paytda Sharof Rashidovning faoliyatida ko‘rar edik. To‘g‘ri, buni biz bugun Amir Temur qadri tiklanib, o‘z xalqiga qaytarilib, faoliyati chuqur o‘rganilayotgan va hayotga tatbiq etilayotgan paytda ta’kidlamoqdamiz. U paytda mustaqil davlatchilik haqida gapirib ko‘ring edi, aytgancha, gapirganlar ham bo‘lgan. Ularning taqdiri nima bilan tugaganligidan ham xabarimiz bor. Davlatni boshqarishning bu usulini Sharof aka Amir Temurdan olganmi yoki sovet davrida bu Sharq donishmandligidan u kishi bexabar edimi?

Bunday deyishimning sababi, o‘sha paytda hali Amir Temur bosqinchi, qonxo‘r, odamlarning, dushmanlarining kallalaridan minoralar yasatgan shaxs deb qoralanar, bizda esa Sohibqironga nisbatan o‘ta salbiy munosabatni shakllantirishga harakat qilinar edi. Rasmiy sovet siyosati ittifoqdosh respublikalarning milliy uyg‘onishiga qanday qarshilik ko‘rsatgan bo‘lsa, tarixda Amir Temur shaxsining tiklanishiga ham xuddi shunday, balkim undan ham qattiqroq qarshi edi.

Sharof Rashidov atoqli olim Ibrohim Mo‘minovni qanday qilib Moskva g‘azabidan qutqarib qolgan? 
O‘zA saytida berilayotgan Irismat Abduxoliqovning “Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat” asarida shu haqda gap boradi.
Fikr va mulohazalaringizni uzauz@yandex.ru elekiron pochtamizga yuborishingiz 
yoki (0371) 233-06-14 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib bildirishingiz mumkin.


Shu so‘zlarni yozyapman-u, yana o‘zimga o‘zim: «Yo‘q! Sharof aka Amir Temurning bu so‘zlarini bilar edi, nafaqat bilar, balki o‘z faoliyatida ularga rioya ham qilar edi», – deb javob beraman. Gap shundaki, o‘sha davrda Amir Temur faoliyati to‘g‘risida Sharof akaning yaqin odami, yirik olim, akademik, O‘zbekiston Fanlar akademiyasining prezidenti Ibrohim Mo‘minov birinchilar qatorida kitob chiqargan, bu yirik o‘zbek vatanparvar allomasiga nisbatan Moskvadan tazyiqlar boshlanganida esa ishga Sharof aka aralashib u kishini omon saqlab qolgani ma’lum. Keyin «Temur tuzuklari» 1967-yili ayni Sharof Rashidov rahbarlik qilayotgan davrda «Guliston» jurnalida chop etilgan. Jurnalning bu ishi natijasiz qolgani yo‘q. Tojikistonda chiqadigan «Sadoi Sharq» jurnalida ikki olimning (shundaylar ham bo‘lgan) «Temur tuzuklari»ga keskin salbiy munosabat bildirilgan g‘arazli maqolasi bosilib chiqadi. Bu masalaga «Temur tuzuklari»ni tarjima qilgan ajoyib inson, mashhur dinshunos olim, yirik sarkarda Alixonto‘ra Sog‘uniy (u kishi hayot edi) aralashadi. Janjal Tojikistonning shu paytdagi rahbari Rasulovga borib yetadi. Bilmadik, shu paytda Rasulov bilan Sharof Rashidov o‘rtasida qanday gap bo‘lib o‘tgan, lekin tez kunda Tojikiston Kompartiyasi Markaziy Qo‘mitasining birinchi kotibi Rasulov Markaziy Qo‘mita nomidan «Sadoi Sharq» jurnali va har ikki tanqidchining beadab maqolasi uchun Sharof Rashidovdan uzr so‘raydi. Shu sababli ham komil ishonch bilan aytamizki, bu gaplarning tepasida turgan, bu nozik muammoning ijobiy hal qilinishiga katta hissa qo‘shgan Sharof Rashidov Sohibqironning millatiga dono maslahatlari va nasihatlaridan xabardor bo‘lgani aniq. Balkim ana shu sababli ham Sharof aka chorak asr respublikaga rahbarlik qildi va o‘zidan yaxshi nom qoldirib ketdi.

Davlatni ma’muriy-buyruqbozlik yo‘li bilan boshqarish hukm surayotgan totalitar tuzum davrida davlatni Sharof aka kabi ustozlar o‘gitiga quloq tutib, xalqqa tayanib, yirik mutaxassislar, tajribali vatanparvar millat vakillarini ishga jalb qilib, hozirgi til bilan aytganda, fidoyilik, insonparvarlik (G‘arbda buni gumanistik, demokratik usul deb aytishadi) yo‘li bilan boshqarsa ham bo‘lar ekan-ku degan fikr o‘tar edi xayolimizdan.

Mening bu gaplarimni o‘tmishni qo‘msash deb tushunmanglar-u, lekin o‘zbek xalqi o‘sha davrni millatimizning «yorug‘ kunlaridan biri edi» deb alohida tilga oladi. Moskvaga to‘la itoatkorlik asosiga qurilgan sobiq sovet mustamlakachiligi tizimida Sharof aka o‘z mamlakatining, xalqining manfaatlarini bir daqiqa bo‘lsa ham yodidan chiqargani yo‘q. «Yuqoridagilar to‘q bo‘lsa, quyidagilar sog‘-omon bo‘ladi» degan shiorga amal qilib diplomatlarga xos yumshoqlik bilan ish ko‘rdi.

«Sharof Rashidov Moskva va Ittifoq tergov organlari oldida bizga go‘yo bir tog‘ kabi qalqon edi. Biz u kishining qanoti ostida o‘zimizni tepadan bo‘ladigan turli tazyiqlardan himoyalangan sezar edik, o‘sha murakkab davrda bizga bevosita ishimiz bilan shug‘ullanishga imkoniyat yaratib berar edilar u kishi», – deb eslashardi Andropov, Gdlyan, Ivanovlar respublikaning, bir qator viloyatlarning birinchi rahbarlarini, yuzlab xo‘jalik, brigada rahbarlari, paxta punktlarining mudirlarini qamoqqa tashlab O‘zbekistonni ostin-ustin qilayotgan yillari viloyat, tuman, xo‘jaliklar rahbarlari.

Sharof aka pedagog, demak, inson ruhiyatini yaxshi tushunadigan rahbar emasmi, kadrlarni tanlashda kamdan-kam yanglishar edi. Mo‘min qobil xalqini, o‘zi uzoq yillar o‘rganib, sinchiklab tanlagan va lavozimlarga tayinlagan kadrlarini qattiq turib himoya ham qilar edi. Begonalarning, ular hatto Moskvadan bo‘lsa ham, qo‘rg‘oniga beso‘roq kirishiga yo‘l qo‘ymasdi. U bu ishlarni yumshoq, diplomatik yo‘l bilan, lekin prinsipial pozitsiyada turib amalga oshirardi. U haqiqiy millat otasi edi. Shu sababdan bo‘lsa kerak, atrofiga hech kim yaqinlasha olmaydigan sobiq Ittifoq KGBsi, uning temirtan rahbari Yuriy Andropov bilan munosabatlari yomonlashdi. Guruch kurmaksiz bo‘lmaganidek, har bir oilada o‘zining sho‘xroq, yengiltabiatroq a’zosi bo‘ladi. Ming-ming katta va o‘rta rahbarlar orasidan bir-ikkita shundaylari ham uchrab qolar edi. Ana shunday favqulodda bir muammoli masala paydo bo‘lgan hollarda Sharof aka Ittifoq MVDsi, KGBsi, prokuraturasi, OBXSSisiz to‘g‘ridan-to‘g‘ri KPSS Markaziy Qo‘mitasining Bosh kotibi Leonid Ilich Brejnevga murojaat etar, masalani ko‘ndalang qo‘yar va ikki tomon kelishgan holda odilona hal qilishardi. Bu, albatta, katta lavozimdagi o‘zini hatto Brejnevdan ham kam ko‘rmaydigan kimsalarga ma’qul bo‘lmasdi. O‘ziga, chiqargan hukmining haqligiga ishongan Sharof Rashidov esa mamlakati, xalqining tinchligi, osoyishtaligi yo‘lida qattiq turar edi. Sharof aka ana shunday odam edi. Ta’kidlash joizki, dili pok, ahdiga sodiq, bunday pokiza insonlar behad jasoratli boshiga hatto qilich kelganda ham «men to‘g‘ri qilganman» deb turishadi, sira ikkilanishmaydi.

Sharof aka O‘zbekistonda uzoq yillar tinchlik, osoyishtalikni, xalq xo‘jaligining ildam sur’atlar bilan rivojlanishini ta’minladi. Respublika yildan-yilga oldiga qo‘ygan vazifalarni oshirib bajarar, O‘zbekiston ketma-ket g‘oliblik taxtasiga chiqar, yuzlab odamlar orden, medal, unvonlar bilan taqdirlanardi. Qishloq xo‘jaligi xodimlari yil yakunlari bo‘yicha qo‘shimcha mukofot haqlarini ham olishar edi.

Sharof aka har bir mo‘min-musulmon kabi Xudoga ishonar, Allohdan qo‘rqardi. Ayni paytda, u insonga, qo‘l ostida ishlayotgan xodimlariga ham eng yaqin kishisiga, yoki o‘ziga ishongandek, ishonardi. Bilmadik bu kamchilikmi yoki yutuqmi, lekin o‘ylab qaralsa, ishonch kamdan-kam hollarda ishlatiladigan noyob fazilat ekan. Hurmat qilgan odamingning senga bo‘lgan ishonchi senda favqulodda bir mas’uliyat hissini uyg‘otadi. Sharof aka ishonchdan o‘z o‘rnida juda unumli foydalandi. Agar shu paytlarda biron topshiriqni Sharof Rashidov aytdilar, bu o‘sha kishining iltimoslari desalar bormi, unda O‘zbekistonda tog‘ni talqon qilmaydigan azamat topilmasdan qolmasdi.

«Bo‘rondan kuchli» romanida bo‘lsa kerak, Sharof aka shunday yozadi: «Insonning ko‘ngli toshdan ham qattiq, guldan ham nozik». Sharof akaning bu so‘zlari xalq orasida maqol, matal bo‘lib ketgan. Axir davlatning birinchi rahbari katta jinoyat qilganlarni hatto qatl qildirish haqidagi hujjatga ham qo‘l qo‘yadi, boshqa bir holatda afv ham etadi. Uning ishi shunday. Bu vakolatni unga xalq beradi.

Sharof Rashidovning bir marta jahli chiqqaniga guvoh bo‘lganman. Chirchiqda sobiq Ittifoqdagi yirik, zamonaviy va texnologik jihatdan nihoyatda murakkab Kaprolaktam korxonasining qurilishi kechikib, G‘arbiy Germaniyadan xorijiy valyutaga keltirilgan qimmatbaho uskunalarning o‘rnatilish muddati cho‘zilayotgandi. Shu sababli O‘zbekiston Germaniyaga katta miqdorda jarima to‘lashga majbur edi. Shunda nemis-fashist bosqinchilariga qarshi Ikkinchi jahon urushida qatnashgan, yarador bo‘lgan Sharof aka majlisning ayni qizigan paytida o‘tirgan o‘rnidan turib ketdi-da, ikki kafti orasiga olgan qalamlarni bir-biriga ishqalab shaqirlatib (hayajonga tushganda shunday qilish odati bor edi), eshitilar-eshitilmas ohangda: «Nahotki, bizga mag‘lub bo‘lgan davlatga endi o‘zimizning aybimiz bilan jarima ham to‘lasak!» – deb Markazqo‘m byurosi o‘tkazilayotgan zalda u yoqdan bu yoqqa yurdi. Butun respublika rahbarlari yig‘ilgan katta zalda pashsha uchsa eshitiladigan darajada tinch edi. Past ovozda kuyunib aytilgan bu so‘zlar zaldagi rahbarlarning jon joyiga borib tegdi desa bo‘ladi. Hech qanday baqiriq-chaqiriq, ishdan chetlatish, hatto hayfsan berish ham bo‘lgani yo‘q. Lekin ertasidan boshlab obyektdagi ta’minot, qurilish-montaj ishlari shunaqangi jadallashib ketdiki, asti qo‘yaverasiz. Obyekt o‘z muddatida foydalanishga topshirildi. Biz korxonaning ishga tushirilgani haqida «Vremya»ga reportaj qilib berdik. Aytgandek, qurilishda jonbozlik ko‘rsatganlar mukofotdan ham quruq qolishgani yo‘q.

Sharq xalqlari kamtar, xokisor, xudojo‘y bo‘lishadi. Ular arzimagan narsalar deb shovqin-suron qilib, janjal ko‘tarishga odatlanishmagan. Doimo qo‘li mehnatda, shukr qilib, umid bilan, yorug‘ kunlar albatta keladi, ilgari amalga oshmagan orzu-niyatlarimiz mana endi ro‘yobga chiqadi deb sabr-toqat qilishga o‘rgangan.

Tan olish kerak, Sharof Rashidov dahriylik (ateistik) davrida yashadi, islom dunyosiga mashhur Imom al-Buxoriy, Imom at-Termiziy, Bahovuddin Naqshband va boshqa ulug‘ allomalarni bergan mamlakatga rahbarlik qildi, xalqi kabi o‘zi ham tinmay ishladi, davlatni boshqardi, respublikadagi qo‘riq va bo‘z yerlarni ochishda, ularning meliorativ holatini yaxshilashda, paxtadan mo‘l hosil yetishtirishda xalqqa rahnamolik qildi, kadrlarni tarbiyaladi, tanladi va joy-joyiga qo‘ydi, badiiy asarlar, publitsistik maqolalar, qissa, poema, romanlar yozdi. Xalqda faqat yaxshi so‘z bilan nomi chiqqan o‘z farzandlari – Rashidovlar avlodini tarbiyaladi. To‘g‘ri, shu paytlarda ham qulog‘imizga turli uzuq-yuluq gaplar chalinib turardi. Nima deysan, Sharof Rashidov arab mamlakatlari, Saudiya, Pokiston, Indoneziya davlatlarining prezidentu qirollari bilan Hasti imom (Hazrati imom) masjidida mufti Ziyovutdin qori Boboxon imomligida namoz o‘qigan emish. Ochig‘ini aytsak, bunday xabarlarga shu paytda biz qanday munosabatda bo‘lishni bilmas edik, lekin Sharof akaning ayni shunday qilganligiga negadir ishonardik va qalbimizda u kishiga nisbatan hurmat va ehtirom hislari paydo bo‘lardi.

Dahriylik davrida birinchi rahbar vazifasida ishlagan bo‘lsa ham, islom diniga nisbatan u kishi biron marta qarshi gapirganini, hurmatsizlik qilganini, din peshvolariga nisbatan qo‘pol munosabatda bo‘lganini eslay olmaymiz. Xalqimiz Hasti imom (Hazrati imom), Ko‘kcha masjidlariga, Chorsudagi Xoja Ahror Valiy va boshqa masjidlarga borib bemalol juma va hayit namozlarini o‘qishardi. Markazi Toshkentda bo‘lgan O‘rta Osiyo va Qozog‘iston diniy idorasi faoliyat ko‘rsatardi, sobiq Sovet Ittifoqining qariyb barcha diniy ulamolari tahsil olgan Buxorodagi Mir Arab madrasasi (hozirgi institut) faoliyat ko‘rsatardi.

Yodimda, Sharof aka qazo qilganida «Xalqlar do‘stligi» saroyi foyyesida marhum tepasida oppoq to‘n kiygan, sallali din peshvolari qo‘llarini samoga ochib duolar o‘qishar, Qur’on tilovat qilishardi. O‘zi tepasida turib qurdirgan shu saroydan shahar markazidagi Qizil maydon (hozirgi Mustaqillik maydoni) yonidagi xiyobonga olib kelingach, mayit solingan bolshovoylar sandig‘ini chiqarib tashlab, go‘rkov qabr ichida Qur’on tilovat qilib yerga qo‘ydi. Bu ish videokamera, xalq ko‘zidan yashirincha qilingan va g‘ala-g‘ovur ichida ko‘pchilikning xabari bo‘lmagandi, lekin keyin bu muqaddas urf-odatimizning joyida va o‘z vaqtida ado etilganidan voqif bo‘lgan o‘zbek xalqida Sharof aka jasadi uzra Qur’on tilovat qilgan muhtaram go‘rkovlarga nisbatan, buni iltimos ham qilishgan, ruxsat ham berishgan Sharof Rashidovning yaqinlariga nisbatan dinimizga, urf-odatlarimizga sodiqligi uchun har bir inson qalbini larzaga soluvchi nozik va chuqur minnatdorchilik hislari uyg‘onganligi alohida ta’kidlab o‘tilgan edi.

Sharof Rashidovning yuzidan nur, qalbidan mehr, butun vujudidan otalarcha g‘amxo‘rlik hissi yog‘ilib turar edi. Sharof akada rahbarlik qobiliyati bilan bir qatorda odamiylik, donishmandlik, yuksak tashkilotchilik bilan birga vatanparvarlik, xalqparvarlik xislatlari mujassam edi. Odatda, oqko‘ngil, donishmand, yumshoq fe’lli, kelajakni ko‘ra biladigan, zehni o‘tkir, fikr doirasi keng, zarur paytlarda dadil va jasoratli kishilarni payg‘ambarlarga o‘xshatishadi. Sharof akani hayot paytlaridayoq xuddi shunday payg‘ambarsifat inson deyishar edi. Bunday bahoga sazovor bo‘lish, ayniqsa, sobiq sovet davrida yirik rahbarlarga erishib bo‘lmaydigan bir yuksak maqom, oliy maqsad, orzu edi desa bo‘ladi.

Davomi bor. Saytimizni kuzatib boring!

 

***

“Sharof Rashidov Moskva va Ittifoq tergov organlari oldida bizga go‘yo tog‘ kabi qalqon edi”. Andropov, Gdlyan, Ivanovlar O‘zbekistonning bir qator viloyatlarining birinchi rahbarlarini, yuzlab xo‘jalik, brigada boshliqlarini, paxta punktlari mudirlarini qamoqqa tashlab respublikani ostin-ustin qilayotgan yillari viloyat, tuman, xo‘jaliklar rahbarlari, shunday deb aytishgan edi. Bu haqda bilishni istasangiz Irismat Abduxoliqovning O‘zA saytida berilayotgan “Sharof Rashidov. Haqiqat va rivoyat” asarining ertaga chiqadigan lavhasida o‘qing.

Fikr va mulohazalaringizni uzauz@yandex.ru elekiron pochtamizga yuborishingiz yoki (0371) 233-06-14 telefon raqamiga qo‘ng‘iroq qilib bildirishingiz mumkin.

 

O’zA