YUNISEF Bola huquqlari bo‘yicha vakil va Parlament a’zolari bilan birgalikda O‘zbekiston Prezidentining butun mamlakat bo‘ylab bolalar huquqini himoya qilish yo‘lidagi siyosiy irodasi, yetakchiligini, Hukumatning bu boradagi sa’y-harakatini olqishlaydi.

Shavakt Mirziyoyev Oliy Majlisga Murojaatnomasida bolalar ombudsmani to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish zarurligini alohida ta’kidladi. Shunga asosan, Bola huquqlari bo‘yicha vakil, Oliy Majlis va YUNISEF hamkorligida parlament a’zolari, davlat idoralari va jamoat tashkilotlari vakillari, taniqli xalqaro ekspertlar ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi.

Mazkur tadbirdan ko‘zlangan maqsad bolalar huquqlarini himoya qilish bo‘yicha xalqaro institutlar tajribasini o‘rganish va Bola huquqlari bo‘yicha vakilning O‘zbekistondagi faoliyatini qo‘llab-quvvatlash uchun huquqiy asos yaratish masalasini muhokama qilishdan iborat.

Davlatimiz rahbarining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi va Bola huquqlari bo‘yicha vakilning rolini yanada kuchaytirish va vakolatlarini kengaytirishga qaratilgan 2020 yil 29 maydagi “Bola huquqlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarorlari mamlakatimizda ayni sohada amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni muayyan tartibga solib, zarur yo‘nalishlarni belgilab berdi.

– O‘zbekiston bola huquqini ilgari surishda muhim qadamlar tashlamoqda, – deydi YUNISEFning mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Munir Mamedzade. – Qabul qilinajak Qonun Bola huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyaga muvofiq, respublikadagi, ayniqsa, himoyaga eng muhtoj bolalar huquqi yanada mustahkamlanishiga ko‘mak beradi.

Umuman, mazkur xalqaro tuzilma qonunni ishlab chiqish jarayonini izchil qo‘llab-quvvatlash, qonun loyihasini xalqaro ilg‘or tajriba va standartlarga muvofiqligini ta’minlash uchun muntazam ravishda texnik yordam ko‘rsatishga tayyorligi ta’kidlandi.

O‘zbekiston aholisining uchdan bir qismini 18 yoshgacha bo‘lgan yoshlar tashkil etadi. Shu bois, anjumanda bolalar masalasiga daxldor sohalarga sarmoya kiritish ustuvor strategik vazifalardan biri ekani, bu mamlakatni yangi iqtisodiy va ijtimoiy rivojlanish darajasiga ko‘tarishga yordam berishi qayd etildi.

Davra suhbati ishtirokchilari fikricha, Bola huquqlari bo‘yicha vakil faoliyati bolaning shaxsiga hurmatni kuchaytirishga hamda har bir bolaning sha’ni, qadr-qimmati, erkinligi va qonuniy huquqini himoya qilishga xizmat qiladi.

– O‘zbekistonning kelajagi bo‘lmish bolalar huquqini himoya qilish, ular salohiyatini to‘liq ro‘yobga chiqarish uchun biz javobgarmiz, – dedi Bola huquqlari bo‘yicha vakil Aliya Yunusova. Tayyorlanayotgan qonunning qabul qilinishi esa mana shu muhim va dolzarb vazifani amalga oshirishga hissa qo‘shadi.