Qatar poytaxti Doha shahrida dzyudo bo‘yicha “Masters” musobaqasining so‘nggi kunida hamyurtimiz Davlat Bobonov (-90 kg.) bronza medali yo‘lidagi o‘tish bahsida germaniyalik Eduard Trippelga qarshi tatamiga chiqdi va, afsuski, mag‘lubiyatga uchradi.

Bu haqda O‘zbekiston Milliy Olimpiya qo‘mitasi matbuot xizmati xabar berdi.

-100 kg vaznda Muhammadkarim Xurramov ham bronza medali yo‘lidagi o‘tish bellashuvida rossiyalik Arman Adamyanga yutqazib, 7-o‘rin bilan kifoyalandi.

So‘nggi kungi bellashuvlar orasida eng og‘ir vazn toifasida Bekmurod Oltiboyev ilk bellashuvda gruziyalik Levani Matiashvili to‘sig‘idan o‘ta olmdi.

Dzyudochilarimiz o‘z hisobiga quyidagi ochkolarni qo‘shib qo‘yishdi:

-90 kg: Davlat Bobonov – 468

-100 kg: Muhammadkarim Xurramov – 468

+100 kg: Bekmurod Oltiboyev – 200.

Shu tariqa Ilias Iliadis murabbiyligidagi O‘zbekiston terma jamoasi Qatar «Masters» turniridagi ishtirokini tugatdi. Kecha musobaqaning ikkinchi kuni Hikmatilloh To‘rayev (-73 kg) tomonidan qo‘lga kiritilgan bronza medali delegatsiyamiz uchun yagonaligini saqlab qoldi.

O‘zA