Qatar poytaxti Doxa shahrida dzyudo bo‘yicha Tokio Olimpiadasi yo‘lidagi qimmatli reyting ochkolar taqdim etuvchi “Masters” turniri davom etayotganligidan xabaringiz bor.

Biroz oldin mazkur musobaqaning ikkinchi kunida tatamiga chiqadigan sportchilarimiz haqida xabar berdik. Xo‘sh, musobaqaning ilk kunida hamyurtlarimiz bilan bog‘liq natijalar qanday bo‘ldi?

Jahon chempionatining kumush medali sovrindori Sharofiddin Lutfullayev Qatar “Masters” turniridagi ishtirokini muvaffaqiyatli boshladi. U avvaliga rosiyalik Islam Yashuyev yengda, ikkinchi davra uchrashuvida belgiyalik Yorre Verstrayetenni vazari bahosi evaziga mag‘lubiyatga uchratib, chorak finalga yo‘l oldi. Afsuski, 1/2 final chiptasi uchun kechgan bellashuvda koreyalik Kim Von Jinga imkoniyatni boy berib qo‘ydi. Shunda ham Sharofiddinda bronza medali uchun kurashga imkoniyati bor edi. O‘tish bahsida hamyurtimiz rossiyalik Albert Oguzovga yutqazib qo‘ydi. Garchi medallardan quruq qolgan bo‘lsada, turnirda 7-o‘rindan joy oldi va 468 reyting ochkosini naqd qildi.

-60 kg vazn toifasidagi yana bir polvonimiz, Rio Olimpiadasining bronza medali sovrindori Diyorbek O‘razboyev ham turnirning chorak finaliga qadar yetib keldi. Bahslarga ikkinchi bosqichdan qo‘shilgan Diyorbek ekvadorlik Lenin Presiadoni ippon bahosi evaziga taslim etgan edi. Keyingi bosqichda germaniyalik Morits Plafkini qo‘shimcha bo‘limda mag‘lub etishni uddaladi. Morits rossiyalik Robert Mshvidobadzeni mag‘lubiyatga uchratib, o‘ziga xos shov-shuvga ko‘targandi. Biroq Diyorbek 1/4 finalda mag‘lubiyat alamini totib ko‘rdi. Rio Olimpiadasining bronza medali sovrindori, Xitoy Taypeyi vakili Yung Vey Yangga yutqazib qo‘ydi. Bronza medali yo‘lidagi o‘tish bellashuvida esa niderlandiyalik raqibini mag‘lub eta olmadi. Shu tariqa O‘razboyev ham Lutfullayev kabi turnirni yettinchi o‘rin va 468 ochko bilan tugatdi.

Diyora Keldiyorova va Sardor Nurillayev ham omadsizlikka uchrashdi. Ular musobaqani 200 reyting ochkolari bilan tark etishdi.

bugungi bahslarda hammyurtlarimiz Hikmatulloh To‘rayev (-73 kg), Sharofiddin Boltaboyev (-81 kg), Kamoliddin Rasulov va Gulnoza Matniyazovaga (-70 kg) omad tilaymiz.